RASMIY MUNOSABAT | Ijtimoiy tarmoqlarda “Davlat arxividagi maʼlumotlar ham o‘zgarib turadimi?” sarlavhasi ostida eʼlon qilingan xabar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.


 

RASMIY MUNOSABAT

Ijtimoiy tarmoqlarda “Davlat arxividagi maʼlumotlar ham o‘zgarib turadimi?” sarlavhasi ostida eʼlon qilingan xabar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.

Yuqoridagi sarlavha ostida ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan xabar yuzasidan “O‘zarxiv” agentligi ishchi guruhi tomonidan o‘rganish o‘tkazildi. O‘rganish natijasida aniqlanishicha, Farg‘ona viloyat davlat arxiviga 2019-yil 25-aprel sanasida Marg‘ilon shahar “Ishonchli mukammal himoya” advokatlik byurosi rahbari A. A. Xalilovning  nomidan so‘rovnoma kelib tushgan. Mazkur so‘rovnomada Marg‘ilon shahar hokimining  1999-yil 24-iyul kungi 417-sonli qaroridan arxiv ko‘chirmasi taqdim etilishi so‘ralgan. So‘rovnoma tegishli mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilib, 2019-yil 30-aprel kungi 01-23/448- sonli javob xati tayyorlanib, arxiv saqlovida mavjud bo‘lgan Marg‘ilon shahar hokimining 24.07.1999-yildagi 417-sonli “Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratib berish to‘g‘risida”gi qaroridan Alauddinova Eʼtiborga  tegishli qismidan Farg‘ona viloyat davlat arxivi xodimi O. Sotvoldiyev tomonidan arxiv ko‘chirmasi taqdim etilgan.

Farg‘ona viloyat davlat arxiviga joriy yilning 17-fevral sanasida Davlat xizmatlari markazi orqali Alavidinova Eʼtiborxonning 2114931 raqamli so‘rovi kelib tushgan hamda mazkur so‘rov Farg‘ona viloyat davlat arxivi xodimi O. Sotvoldiyev tomonidan emas, balki arxiv xodimi D. M. Abduraximova tomonidan ijro etilgan bo‘lib, so‘rovda ko‘rsatilgan Marg‘ilon shahar hokimining 24.07.1999-yilga oid 417-son qarorida Alavidinova Eʼtiborxonga mazkur qarorda uning ismi sharifi qayd etilmaganligi haqida salbiy javob xati yuborilgan. Mazkur qarorning ikkinchi bandida yer uchastkalari ajratib berilgan 5 nafar fuqarolarning ismi sharifi ko‘rsatilgan bo‘lib, ushbu fuqarolar ro‘yxatida  “Alauddinova Eʼtiborga” nomi qayd etilmaganligi, uning ismi sharifi mazkur qarorning 3 bandida alohida ko‘rsatilib o‘tilganligi aniqlandi.  Shu bilan birga, xodim murojaatchining familiyasi bo‘yicha, yaʼni “Alavidinova” bo‘yicha qidirgan hamda bu familiya bo‘yicha mavjud emas deb salbiy javob qaytargan.

Ushbu o‘rinda davlat arxivi xodimining davlat xizmatlarini ko‘rsatishda atroflicha o‘rganish o‘tkazmaganligi, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yganligini, eʼtiborsizligi va masʼuliyatsizligi, sifatsiz arxiv xizmati ko‘rsatganligi uchun xodim D. M. Abduraximovaga Farg‘ona viloyat davlat arxivining 2025-yil 19-fevral kungi 12 Sh/t-sonli buyrug‘i bilan intizomiy jazo qo‘llanildi.

Bundan tashqari fuqaro shu kunning o‘zida fuqaro Alaviddinova E.s. bilan bog‘lanib, unga tegishli arxiv maʼlumotnomasi taqdim etildi.

Kelgusida ushbu kabi salbiy holatlarni kelib chiqishini oldini olish maqsadida qatʼiy nazorat monitoring ishlari olib borilishi tashkillashtirildi.

Fuqaro Alauddinova Eʼtiborxon Saitumarovnadan keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz.

Hurmatli yurtdoshlar agar Siz arxivlar tomonidan qonun buzilishini guvohi bo‘lsangiz yoki Sizga nisbatan g‘ayriqonuniy hatti-harakatlar sodir etilganda ushbu haqida “O‘zarxiv” agentligining 55-50-301-50 raqamli “Ishonch telefoni” yoki “antikor_archive_bot” orqali xabar berishingizni so‘raymiz.

 

“O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati