SAMARQAND VILOYAT DAVLAT ARXIVI TAShKIL ETILGANLIGINING 100 YILLIGIGA BAG‘IShLANGAN TADBIR O‘TKAZILDI.
Joriy yil 20 taprel kuni Samarqand viloyat davlat arxivi tashkil etilganligiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan karantin qoidalariga amal qilgan holda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Viloyat davlat arxivi 1921 yil aprel oyida tashkil etilgan. Bugun tashkil etilganligiga roppa-rosa 100 yil to‘ldi.
1919 yil yilning 5 noyabrida Respublika Markaziy Ijroiya Komiteti Turkistonda arxiv ishlarini tashkil etish va markazlashtirish to‘g‘risida qabul qilingan qarori asosida yagona arxiv boshqarmasi tashkil topdi. Respublika xalq komissarlari Sovetining 1921 yil 25 yanvardagi 16-sonli «Viloyat arxiv fondlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Joylarda mahalliy davlat arxivlari tashkil etila boshlandi.
1921 yil aprel oyida o‘z faoliyatini boshlagan viloyat davlat arxivi dastlabki vaqtda xalq maorifi komissariyati tarkibida bo‘lgan. Respublika Markaziy Ijroiya qo‘mitasining 1922 yil 14 maydagi 47-sonli qarori bilan Markaziy arxiv boshqarmasi va viloyat davlat arxivi Xalq maorifi komissariyati tizimidan ajratildi. 1924 yilda viloyat davlat arxivi byurosi, 1927 yilda esa Samarqand okrugi ishchi, dehqon va askarlar Soveti ijroiya komiteti qoshidagi arxiv byurosi deb atala boshlandi. 1931 yil 30 yanvardan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy arxiv boshqarmasining Samarqand bo‘limi 1938 yil 18 noyabrdan Samarqand viloyat arxiv boshqarmasi, 1940 yil 22 maydan Xalq komissarlari Ichki ishlar bo‘limi, 1944 yil Samarqand shahar davlat arxivi tashkil etildi. 1961 yil arxivlar ichki ishlar vazirligi tizimidan mehnatkashlar deputatlari viloyat kengashi ijroiya qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazilgan. 1962 yil 17 iyulda viloyatning Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Samarqand tumanlarida tumanlararo davlat arxivlari tashkil etilgan. 1962 yilda arxiv bo‘limi va Samarqand shahar davlat arxivi tugatilib, viloyat davlat arxiviga birlashtirildi. 1965 yil 25 martda Xalq deputatlari viloyat Kengashi ijroiya qo‘mitasining arxiv bo‘limi tashkil etildi.
So‘nggi yillarda viloyat davlat arxivining fondlari fan, ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarga oid hujjatlar hamda tarixiy-madaniy yodgorliklarni aks ettiruvchi suratlar bilan boyitib borildi.
Jahonning rivojlangan mamlakatlarida arxiv ishi sohasida olib borilgan ilmiy tadqiqotlarda asosiy e’tibor hujjatlarni arxiv saqlovlariga to‘liq qamrab olish va ularni kelajak avlod uchun lozim darajada saqlanishiga erishish, arxiv hujjatlarini raqamlashtirish orqali sifatli arxiv xizmatlarini ko‘rsatish hamda ularning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. Xususan, Samarqand viloyat davlat arxivida ham hujjatlarni raqamlashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2018 yilda Yaponiya davlatida ishlab chiqarilgan «Scan Snap sv 600» rusumli hujjatlarni skanerlovchi maxsus qurilma apparati olib kelindi. Bu qurilmaning ahamiyatli tomoni shundaki, besh soniyadan kam vaqt orlig‘ida turli shaklda skanerlaydi, zarar yetgan hujjatlardagi nuqsonlar (notekis, hujjat atrofi shkastlangan bo‘lsa) avtomatik tarzda to‘g‘rilaydi. Eng bir afzalligi ushbu qurilma bir tugma orqali boshqariladi.
Hozirda viloyat davlat arxivida o‘ttizdan ziyod xodimlar faoliyat ko‘rsatadi. Ularning aksariyati ko‘p yillik tajribaga ega.
Bugungi kunda viloyat davlat arxivida jami 589 672 saqlov birligidagi hujjatlar saqlanmoqda. Bundan tashqari, 84000 saqlov birligidagi gazeta va jurnallar, 26200 saqlov birligidagi fotosuratlar, 183 826 saqlov birligidagi kitob-albomlar mavjud.
2021 yil 1 yanvardan Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi orqali to‘rt mingdan ziyod ish staji va oylik maoshi bilan bog‘liq so‘rovlar kelib tushdi.
Viloyat davlat arxivida saqlanayotgan ikkinchi jaxon urushi yillaridagi fuqarolarni Samarqand shahriga ko‘chirib kelinishi, Samarqand shahar Xalq Deputatlari shahar Ijroiya qo‘mitasi 1924-1927 yillarga oid, Samarqand tuman Harbiy Kosissariatining 1918-1920 yillardagi, Ishchi va Dehqonlar Qizil armiya deputatlari Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bolalar hayotini yaxshilash bo‘yicha Samarqand shahar komissiyasining 1928-1932 yillardagi, Evakuatsiya qilingan polyaklarni yetkazib berish bo‘yicha SSSR Xalq savdo komissiyasining 1943-1946 yillardagi hujjatlari qimmatli hujjatlar sirasida saqlab kelinmoqda.
Tadbirda ilm, fan. madaniyat, tibbiyot sohasi vakillari, viloyat faollari, jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.