Samarqanddan maktub
Oʻzbekiston KFFH Milliy arxivining joriy yil 18-avgust kuni tashkil etilgan Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasidagi arxiv hujjatlari fotokoʻrgazmasi “Samarqanddan maktub” deb nomlandi. Koʻrgazma millatparvar publitsist, matbuotchi, dramaturg, oʻzbek teatri asoschisi, taraqqiyparvar siyosatchi, diniy arbob, jadidchilik xarakati namoyondasi Mahmudxoʻja Behbudiy (1875-1919 yy.) hayoti va ijodiga bagʻishlandi.
Samarqanddan oʻtgan asrning birichi choragida yuborilgan maktub, bugun Toshkentda, yigirma birinchi asrning birinchi choragida oʻzgacha yangraydi. Unda millatni kemiruvchi ichki illatlar, tashqi taʼsir, taraqqiy topgan davlatlarning ilmiy salohiyatidan foydalana bilish, madaniy va maʼrifiy oʻziga xoslik haqida bahs ketadi.
Koʻrgazmada Behbudiy davridagi Samarqandga hos boʻlgan, Samarqand maktabiga oid amaliy sanʼat namunalari (Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi kolleksiyasidan), foto va videohujjatlar (Oʻzbekiston kinofotofono xujjatlar milliy arxivi va shaxsiy arxivlardan) ularning nusxalari va Behbudiyning xususiy matbaasida chop etilgan oʻquv-qoʻllanma, “Oyina” jurnalining asl nusʼhasi va boshqa turli xil eksponatlar namoyish etildi.