Saylov demokratik tamoyillar asosida o'tdi
Saylov demokratik tamoyillar asosida o'tdi
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2016 yil 5 martda qabul qilingan “Fuqarolar yig'inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik ko'rish hamda uni o'tkazish to'g'risida”gi qaroriga muvofiq o'tkazilayotgan fuqarolar yig'inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi Qoraqalpog'iston Respublikasida ham muqobillik va demokratik tamoyillar asosida tashkil etildi.
– Prezidentimiz rahnamoligida mahalla institutining mavqeini yanada yuksaltirish, uning huquqiy asoslarini takomillashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilmoqda, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'limi boshqaruvi mas'ul kotibi Maqset Palimbetov. – Saylov jarayoni mintaqadagi 15 shaharcha, 141 ovul va 246 mahalla fuqarolar yig'inlarining 298 tasida ochiq, 104 tasida yopiq usulda o'tkazildi. Ularda 25 ming 335 nafar vakillar ishtirok etdi. Saylovlarda ishchi guruhlari tomonidan fuqarolar yig'ini raisi lavozimiga tashabbuskor, hayotiy tajriba va aholi o'rtasida obro'-e'tiborga ega 1 ming 324 nomzod tavsiya etildi. Saylangan 402 fuqarolar yig'ini raisining 23 tasi ayollar bo'lsa, 271 rais birinchi marta saylandi.
Saylovda Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'yicha fuqarolar yig'inlari raislarining 4 ming 160 maslahatchisi saylandi. Ularning 894 tasi ayollar, 2 ming 564 tasi birinchi marta saylangan fuqarolardir.
Tashabbuskor, el-yurt manfaati uchun jonkuyar, o'zgalarni ortidan ergashtirishga qodir nomzodlarning mahalla raisligi va maslahatchisi lavozimlariga saylanishi joylarda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, hududlarni kompleks rivojlantirish, aholini kuchli ijtimoiy himoya qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Manba: www.uza.uz