ShHTga a'zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari bilan uchrashuv
ShHTga a'zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari bilan uchrashuv
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 14 aprel kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari rahbarlari, shuningdek, ShHT Bosh kotibi va ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo'mitasi direktori bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Shanxay hamkorlik tashkiloti o'zining o'n besh yillik faoliyati davomida nufuzli va samarali xalqaro tashkilot sifatida mustahkam qaror topganini, uning faoliyati tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, ShHTga a'zo davlatlarning izchil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlash sohasida ushbu tashkilotga a'zo mamlakatlar oldida turgan umumiy vazifalarni hal etishga xizmat qilayotganini ta'kidladi.
O'zbekistonning tashkilotga joriy raisligi davrida a'zo davlatlarning birgalikdagi harakatlari bilan ShHT doirasida, avvalambor, hozirgi kundagi xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasida ko'p qirrali o'zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Toshkent shahrida o'tadigan navbatdagi yubiley yig'ilishi har tomonlama mazmunli va samarali bo'lishiga alohida e'tibor qaratilmoqda.
O'zbekiston tashabbusi bilan 2004 yilda tashkil etilgan, ShHTning muhim va samarali instituti bo'lgan Xavfsizlik kengashlari kotiblarining yig'ilishi tashkilot organlari va mexanizmlari tizimining ajralmas qismi bo'lib, tashkilot hududida xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash bo'yicha tomonlar faoliyatini muvofiqlashtirib borishda muhim vazifani bajarib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari hududida terrorizm, ekstremizm va separatizm ko'rinishlari, shuningdek, boshqa tahdid va xavf-xatarlarning oldini olish, ularni bartaraf etish borasida muhim qarorlar ishlab chiqish va amalga oshirishda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ham alohida o'rin tutayotganini ta'kidladi.
Qozog'iston, Xitoy, Qirg'iziston, Rossiya va Tojikiston delegatsiyalari rahbarlari Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining Toshkentda o'tkazilgan o'n birinchi yig'ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan fikr bildirdi, samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik izhor etdi. O'zbekistonning ShHTga raisligi jarayonida ko'plab sohalarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda tashkilot faoliyatini yanada faollashtirish bo'yicha mamlakatimiz amalga oshirayotgan ishlar katta ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi.
Manba: www.uza.uz