Sifatli, arzon va xaridorgir

So‘nggi yillarda butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham kosmetika tovarlaridan keng foydalanilmoqda. Shu bilan birga, bugun mamlakatimizda kosmetika vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalar soni tobora ko‘payib bormoqda. Ular 100 dan ortiq turdagi shunday mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2009-yil 1-dekabrda qabul qilingan “Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish, yangi kompaniyalarni tashkil etish, mavjud korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini kuchaytirish va mahsulot turini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
 
 

 

 

 

 

“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida joylashgan “Navoiy Beauty Cosmetics” O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi mahsulotlari, ayniqsa, xaridorgirdir. U mamlakatimizda kosmetika va parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqarish hamda ularni mahalliy bozorda sotishga ixtisoslashtirilgan yirik korxonalardan biri. 

– 2010-yilda tashkil etilgan korxonamiz turli kosmetika va parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqaradi, – deydi “Navoiy Beauty Cosmetics” qo‘shma korxonasi rahbari Kim Seoung Sig. – Ayni paytda yuzdan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqaryapmiz va ularning turini yanada kengaytirish ustida ish olib bormoqdamiz. Ishlab chiqarishda asosan mahalliy xomashyodan foydalanilayotgani mahsulot narxiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 

3213 321
   
   

Korxona yuz terisi parvarishi bo‘yicha vositalar, pardoz, parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ishlab chiqarish jarayoni Janubiy Koreyadan keltirilgan zamonaviy asbob-uskunalarda amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda “Navoiy Beauty Cosmetics” qo‘shma korxonasida 25 kishi mehnat qilmoqda. Ular tayyorlov va malaka oshirish kurslarida o‘qitildi. Korxonada ishlab chiqarish amaliyotini o‘tagan kasb-hunar kolleji bitiruvchilari ham ishga taklif etilmoqda.

Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, mamlakatimizda biznesni rivojlantirish borasida yaratilayotgan qulay imkoniyatlar, soliq sohasidagi imtiyoz va preferensiyalar korxona faoliyatini yanada rivojlantirishga imkon bermoqda. Xususan, joriy yilda “Navoiy Beauty Cosmetics” qo‘shma korxonasi ichki bozorda qiymati ikki milliard so‘mdan ziyod mahsulot sotdi. Yaqin kelajakda korxona ishlab chiqarish quvvatini oshirish hisobidan tayyorlanayotgan mahsulotlar turini kengaytirishni rejalashtirmoqda.