Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar davlat arxivi yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar davlat arxivi  eski binosi Yangiyer shahar Fizkulturchilar ko‘chasi, 11 uy manzilida joylashgan edi. Yangiyer shahar Davlat arxivi tarixi 1959 yildan boshlanadi. Arxivda 14 nafar xodimlari ishlab kelmoqda. 
Mazkur bino qurilishi Sirdaryo viloyati hokimligi yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi rahbarligidagi “ServisTexnologiya Stabilnost” MCHJ bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilgan. Qariyb 5.130 mln so‘m mablag‘ sarflangan bino xalqaro andozalarga mos keladigan, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan hamda eng so‘nggi anjomlar bilan jihozlangan.
Bugungi kunda arxivda 100 mingdan ortiq hujjat, jumladan, ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy va iqtisodiy tarixini aks yettiruvchi milliy arxiv fondining hujjatlari saqlanmoqda. Yangiyer davlat arxivida saqlanayotgan yeng qadimgi hujjatlar 1917 yilga to‘g‘ri keladi.
Endi Yangiyer davlat arxivi Yangiyer shahar “Marifat” mahallasi, “Tinchlik” ko‘chasida joylashgan. Yangi, zamonaviy va texnik jixozlangan arxivda 200 ming hujjat sig‘imi mavjud bo‘lib, bu eski binoga nisbatdan 2 barobar ko‘pdir.
Tadbirda Sirdaryo viloyat hokimi G‘ofurjon G‘aniyevich Mirzayev, O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Mirtolibovich Yusupov, arxiv sohasi faxriylari  so‘zga chiqishdi.
Ta’kidlanishicha, yurtimizda arxiv ishi tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar arxiv ishi va ish yuritish sohasini takomillashtirishga, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Shahar arxivi  xodimlarini yangi bino ochilishi bilan qutlashdi. Sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani davlat arxivlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, arxiv hujjatlarini kelajak avlod uchun asrab-avaylashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanligi qayd etildi. 
O‘z tabrik so‘zida "O‘zarxiv" agentligi direktori Ulug‘bek Mirtalibovich arxivlarimiz xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi: “Tariximizni o‘rganmay, bilmay turib, yangichasiga yashashni, hayot tarzimizni o‘zgartirishimizni, zamonga, buyuk ajdodlarimizga mos avlodni tarbiyalashimizni amalga oshirish qiyin bo‘ladi. Shuning uchun ham Arxivlarga e’tibor yildan yilga ortib bormoqda. Mazkur davlat arxivi binosi ham  Sirdaryo viloyati ahliga, jamiyatimizga ezgu maqsadlarda xizmat qiladi”.
Tadbir qatnashchilari yangi binoda yaratilgan qulaylik va sharoitlar bilan tanishishdi.
Xonalarga zamonaviy jixozlar, kompyuter jamlanmalari, internet tizimi, kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.
Tadbirda “O‘zarxiv” agentligi rahbariyati, Sirdaryo viloyati va Yangiyer shahar hokimligi, Sirdaryo viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi, davlat arxivlari xodimlari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati