SOGʻLOM AVLOD VA BUYUK KELAJAGIMIZ UCHUN

Bu yorugʻ jahonda neki jonzot boʻlsa, barchasi bolasi uchun qaygʻuradi, hatto ogʻzida don tashib bo’lsada farzandini boqadi, himoyalab voyaga etkazadi. Butun mavjudot orasida eng ulugʻ, eng mukarram etib yaratilgan inson, farzandi uning baxti, kelajagi uchun butun borligʻini, kerak boʻlsa butun umrini bagʻishlaydi. Bu borada bizning millatimizga – oʻzbek xalqiga etadigani kam topilsa kerak. Farzand koʻrish, uni sogʻ-salomat katta qilish, baxtu iqbolini ko‘rish xalqimiz uchun eng ezgu orzu, oliy baxt hisoblanadi. Bu bejiz emas. Chunki har bir oilaning kelajagi shu oilada qanday farzand voyaga etayotganiga bogʻliq. Oila – jamiyatning kichik, lekin gʻoyat muhim boʻgʻini. Demak, butun mamlakatning kelajagi shu yurt farzandlariga bogʻliq. Shuning uchun ham O'zbekiston mustaqillikka erishgan kunlardanoq millat taqdiri, mamlakat kelajagi haqida oʻylash, uning huquqiy asoslarini ishlab chiqish, zarur shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi. Mustaqillikka erishganimizdan keyin oradan koʻp oʻtmay  “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Mustaqil O‘zbekistonning birinchi ordeni “Sogʻlom avlod uchun” deb ataldi.  Buning amaldagi isbotini yillarning nomlanishi va shu asosda davlat dasturlari ishlab chiqilib, hayotga joriy etilgani misolida yaqqol koʻrishimiz mumkin.  

“Hamshiralar yili” (1992-yil), “Oila yili” (1998-yil), “Ayollar yili” (1999-yil), “Sogʻlom avlod yili” (2000-yil), “Ona va bola yili” (2001-yil), “Sihat salomatlik yili” (2005-yil), “Homiylar va shifokorlar yili” (2006-yil), “Yoshlar yili” (2008-yil), “Barkamol avlod yili” (2010-yil), “Sogʻlom bola yili” (2014-yil), “Sogʻlom ona va bola yili” (2016-yil), “Yoshlarni qoʻllab - quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” (2021-yil). Bularning zamirida sogʻlom ona va sogʻlom bola masalasi mujassamdir. Skrining markazlari, perinatal markazlar barpo etilgani avvalo onalarning, shu bilan birga, tugʻilajach farzandlarimizning, ertangi kun egalarining sogʻlom boʻlishiga alohida e’tibor qaratilayotganiga yorqin misoldir.

Darhaqiqat, jismoniy va ma’naviy sogʻlom farzand ota-onaning baxti. Ertasini oʻylagan xalq, farzandlari sogʻligi va tarbiyasiga ustuvor vazifa sifatida qaraydi. Buni Oʻzbekistonda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan betimsol ishlar va uning ulkan natijalari oynadek ko‘rsatib turibdi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan Oʻzbekistonning bu boradagi boy tajribasi ko‘plab davlatlar uchun namuna sifatida tavsiya etilgani ham bejiz emas. Zero, inson bor ekan, farzand dunyoga keladi, farzand tugʻilar ekan, uning oʻziga xos quvonchu - shirin tashvishlari ham bo‘ladi. Balki inson hayotining mazmuni shudir…

 

Ushbu tarixiy foto surat Buxoro viloyat Kogon tuman davlat arxividagi fond-300, 1-raqamli ro‘yxatda saqlanmoqda (1991-yilda tasvirga olingan)


Manba : "Ўзархив" агентлиги Ахборот хизмати