Strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abe 24-oktabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

 

 

Tashrifning asosiy voqealari 25-oktabr kuni bo‘lib o‘tdi.

Ko‘ksaroy qarorgohida Yaponiya Bosh vazirini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abe shohsupaga ko‘tarildilar. Davlat madhiyalari yangradi. O‘zbekiston va Yaponiya rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Islom Karimov va Shindzo Abening tor doiradagi uchrashuvida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

– O‘zbekiston Yaponiyaga ulkan siyosiy, iqtisodiy, intellektual va investitsion salohiyatga ega, taraqqiy etgan davlatlardan biri, vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli sherik sifatida qaraydi. Yaponiya Bosh vazirining ushbu rasmiy tashrifini mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotida muhim voqea, mamlakatlarimizning o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, unga yangi sur’at bag‘ishlashga birday intilishi ifodasi, deb bilamiz, – dedi Islom Karimov.

– O‘zbekistondek ajoyib mamlakatga kelganim, Siz Janobi Oliylari bilan uchrashib turganimdan g‘oyat mamnunman. Yaponiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani va izchil rivojlanib kelayotganida Sizning xizmatlaringiz beqiyos. Mamlakatingizda yaponlar bilan bog‘liq tarixiy joylar hurmat-e’tibor bilan asrab-avaylab kelinayotgani uchun Yaponiya xalqi nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman. Ushbu uchrashuvimiz, hukumat a’zolari va yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirokida o‘tadigan biznes-forum mamlakatlarimiz hamkorligini yangi bosqichga ko‘taradi, deb ishonaman, – dedi Shindzo Abe.

O‘zbek va yapon xalqlarining o‘xshash jihatlari ko‘p. Milliy g‘urur, birdamlik, mehnatsevarlik, sadoqat, mehr-oqibat kabi fazilatlar ikki xalq uchun birdek xosdir.

Ikki mamlakat iqtisodiyoti jadal rivojlanib bormoqda. Bu o‘zaro hamkorlikni barcha sohalarda kengaytirish uchun sharoit yaratadi. O‘zbekiston va Yaponiyaning ulkan iqtisodiy imkoniyatlari – tabiiy boyliklari va yuqori texnologiyalari, ilmiy salohiyati, moliyaviy va mehnat resurslari bir-birini to‘ldiradi.

O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar Prezidentimizning 2002-yil iyul oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida imzolangan Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot ruhida izchil rivojlanib bormoqda. Davlatimiz rahbarining 2011-yil fevral oyidagi Yaponiyaga rasmiy tashrifi o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar muntazamlik kasb etgan. Joriy yil fevral oyida Toshkentda navbatdagi maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatlarimiz xalqaro tashkilotlar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari o‘xshash yoki yaqindir. O‘zbekiston Yaponiyaning mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash, yadro qurolini tarqatmaslik, ekologik muammolarni bartaraf etishga doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi, BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zoligiga Yaponiya nomzodini yoqlaydi. Yaponiya Prezidentimizning Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan, O‘zbekistonning hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillariga asoslangan tashqi siyosatini yuqori baholaydi.

Tomonlar “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqot mexanizmi doirasida ham ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirmoqda.

Muzokarada siyosiy muloqotlarni izchil davom ettirish, savdo, sanoat, moliya, energetika, fan-ta’lim, madaniyat kabi sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi. Xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, xalqaro tahdid va xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston ham, Yaponiya ham Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklashda faol ishtirok etmoqda. Afg‘onistonda harbiy kuch ishlatish yo‘li bilan tinchlik o‘rnatib bo‘lmasligi, BMT shafeligida qarama-qarshi tomonlar o‘rtasida siyosiy muzokaralar o‘tkazish va ichki kelishuvga erishish eng to‘g‘ri va yagona yo‘l ekanligi uchrashuvda yakdillik bilan ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Yaponiya rahbarlari muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom ettirdilar. Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro savdo aylanmasi hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirishga oid masalalarni muhokama qildilar.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-sotiq sohasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasida hukumatlararo majlislar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Yaponiya va Yaponiya – O‘zbekiston qo‘mitalari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, yangi imkoniyatlarni izlash va qo‘shma loyihalar ishlab chiqishda muhim o‘rin tutmoqda. Joriy yil yanvar oyida Tokioda mazkur qo‘mitalarning qo‘shma yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mushtarak intilishlar samarasida savdo aylanmasi tobora kengayib bormoqda. 2014-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 190 million dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda Kunchiqar mamlakatning 12 kompaniyasining vakolatxonasi ochilgan, yaponiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan o‘n korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.

Yaponiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi va “Ko‘kdumaloq” konida kompressor stansiyasini qurish, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini rekonstruksiya qilish, Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘lini bunyod etish, Samarqand, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarini modernizatsiyalash bo‘yicha amalga oshirilgan yirik loyihalar ulkan samaralar bermoqda. Bugungi kunda Qarshi – Termiz temir yo‘l tarmog‘ini elektrlashtirish, Navoiydagi issiqlik elektr stansiyasini kengaytirish va Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Yaponiya O‘zbekistonning eng yirik investitsiyaviy sheriklaridan. 2009-yil 24-sentabrda kuchga kirgan Sarmoyalarni liberallashtirish, o‘zaro himoya qilish va rag‘batlantirish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim bu sohadagi hamkorlik uchun mustahkam kafolat va keng imkoniyat yaratmoqda. Yaponiyaning yirik kompaniyalari O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritmoqda. “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi va “Isuzu Motors Ltd.” o‘rtasidagi hamkorlik bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Yaponiyaning mazkur kompaniyasi 2007-yildan “SamAvto” mas’uliyati cheklangan jamiyatining texnologik sherigi sifatida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan avtobuslar, yuk mashinalari va boshqa texnika turlari uchun shassi va dvigatellar yetkazib bermoqda. O‘tgan vaqt davomida “Isuzu Motors Ltd.” agregatlari bazasida 10 ming ikki yuz avtobus va 11 ming besh yuz yuk mashinasi ishlab chiqarildi. Tabiiy gazda ishlaydigan yuk mashinalarining yangi modellarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Joriy yil 29-iyulda Toshkentda “Isuzu Motors Ltd.” kompaniyasining “SamAvto” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischilari tarkibiga kirishi to‘g‘risida bitim imzolandi. Mazkur bitim “O‘zavtosanoat” va “Isuzu Motors Ltd.” kompaniyalari o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Mamlakatimizda zamonaviy shaharsozlik jadal rivojlanmoqda. Bino va infratuzilma obyektlarini bunyod etishda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish, transport tizimini yaxshilash, xavfsizlikni ta’minlash, odamlar uchun har tomonlama qulaylik yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada rivojlangan davlatlar, xususan, Yaponiya tajribasidan unumli foydalanilmoqda. 29-sentabr kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Shaharning yuqori texnologik infratuzilmasi” mavzusidagi konferensiyada mamlakatlarimizning ushbu sohadagi hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda madaniy-gumanitar aloqalar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Taraqqiyotga rasmiy yordam” dasturi doirasida hamda Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) orqali ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarda qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Yaponiyada O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari tashkil etilmoqda. Kunchiqar yurt ijodkorlari mamlakatimizda o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanlar, xususan, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida faol qatnashib kelmoqda.

Poytaxtimizda Yapon bog‘i tashkil etilgani, Tokioda buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyga haykal o‘rnatilgani, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi xalqaro madaniyat karvonsaroyiga yaponiyalik olim va musavvir Ikuo Xirayama nomi berilgani xalqlarimizning madaniy yaqinligi ifodasidir.

Fan-ta’lim sohasidagi hamkorlik ham faollashmoqda. O‘zbekiston – Yaponiya markazi kadrlar malakasini oshirish, “O‘zbekiston – Yaponiya” hamda “Yaponiya – O‘zbekiston” do‘stlik jamiyatlari xalqlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda. Joriy yildan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida yapon tili birinchi xorijiy til sifatida o‘qitila boshlandi.

Yaponiya ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati keng yoritilmoqda. Mamlakatimizga kelayotgan yaponiyalik sayyohlar yildan yilga ko‘paymoqda.

Oliy darajadagi muloqot chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalarda aloqalarni yanada faollashtirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi. Foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish, hamkorlik salohiyatini to‘liq yuzaga chiqarish yo‘llari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida Prezident Islom Karimov va Bosh vazir Shindzo Abe O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladilar. Tashqi ishlar vazirliklari va moliya muassasalari o‘rtasida, energetika, ilm-fan, sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolandi. Energetika va transport tizimini modernizatsiya qilish, mineral-xomashyo resurslarini o‘zlashtirish va qayta ishlash, avtomobilsozlik, neft-gaz va kimyo sanoati, telekommunikatsiya va boshqa zamonaviy sohalarda 8,5 milliard dollardan ortiq qiymatdagi qo‘shma investitsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston va Yaponiya rahbarlari ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda muzokaralar amaliy va ishchan ruhda o‘tganini, erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz hamkorligini yangi mazmun bilan boyitganini ta’kidladilar. Muhokama qilingan barcha masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiya va qarashlari bir xil yoki yaqin ekani, mamlakatlarimiz o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdorligi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abe mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralarining biznes-forumi ochilishida ishtirok etdilar.

Kunning ikkinchi yarmida Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abe O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga yuksak baho berdi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrining qurilishida Ikkinchi jahon urushi yillarida taqdir taqozosi bilan yurtimizga kelib qolgan yaponiyaliklar ham ishtirok etgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur teatr binosi yaqinda rekonstruksiya qilinib, to‘la ta’mirlandi. O‘zbekiston va Yaponiya Bosh vazirlari yanada chiroy ochgan ushbu koshonaning ochilish marosimida ishtirok etdi.

Shindzo Abe yapon harbiylari mangu qo‘nim topgan maskanga tashrif buyurdi, ular xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan yodgorlik poyiga gul qo‘ydi. Yaponiya Bosh vaziri bu joy obod maskanga aylantirilgani, vatandoshlarining xotirasi abadiylashtirilgani uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Manba: O'zA