“Taniqli adib maxfiy hujjatlarni ochiqlashni soʻramoqda” maqolasiga ikkinchi munosabat
Kuni kecha Rost24.uz saytida eʼlon qilingan “Taniqli adib maxfiy hujjatlarni ochiqlashni soʻramoqda” maqolasi https://rost24.uz/uz/news/1196 yuzasidan “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan xizmat surishtiruvi oʻtkazildi.
Xizmat surishtiruvi davomida quyidagilar aniqlandi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5834-son Farmonining 3-bandi bilan koʻrsatilgan topshiriq ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Milliy arxivida maxfiylik rejimida saqlanayotgan tarixiy davr hujjatlarini oʻrnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish boʻyicha mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat maxsus ishchi guruhi tashkil etilgan;
Mazkur ishchi guruhi tomonidan bugungi kungacha Oʻzbekiston Milliy arxivida maxfiylik rejimida saqlanayotgan 5 155 varaqdan iborat 56ta yigʻmajildni oʻrnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish ishlari amalga oshirilgan.
Bugungi kunda Oʻzbekiston Milliy arxivi tomonidan mazkur ishlar doimiy ravishda davom ettirilmoqda.
Xususan, mutasaddi tashkilotlar tomonidan 6 935 varaqdan iborat 23 yigʻmajild tegishli tashkilotlarga oʻrnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish boʻyicha koʻrib chiqish uchun taqdim etilgan.
Olib borilgan ishlar natijasida arxivning tarixiy davr maxfiy hujjatlariga tegishli I-1 fondining 353-yigʻmajildi; I-19 fondining 1605, 2587-sonli yigʻmajildlari, I-722 fondining 17a- sonli yigʻmajildi; I-5 fondining 14, 22, 23, 33-sonli yigʻmajildlari; I-16 fondining 2-sonli yigʻmajildi, I-46 fondining 23, 51-sonli yigʻmajildlari, I-194 fondining 6, 7,9, 11,12, 13, 18-sonli yigʻmajildlari hamda M-278 fondning 26a-sonli yigʻmajildlaridagi 801 varaqdan iborat tarixiy davr hujjatlari oʻrnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarilib, tadqiqotchilar eʼtiboriga xavola etildi.
Bulardan tashqari, Oʻzbekiston Milliy arxivining “maxfiy” grifi ostida saqlanayotgan “Upolnomochennыy upravleniya po evakuatsii naseleniya pri Sovete Narodnыx Komissarov UzSSR” F.№ R-314 fondi va “Sovet Narodnыx Komissarov UzSSR” F.№R-837 fondlarining 603ta varaqdan iborat 264 saqlov birligidagi yopiq hujjatlari oʻrnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarilib, ilmiy muomalaga kiritildi.
Aynan maxfiylikdan chiqarilmagan hujjatlarni tadqiqotchilarga taqdim etishning oʻrnatilgan tartibi mavjud boʻlib, tartibga koʻra tadqiqotchilar alohida ruxsatnoma rasmiylashtirishlari talab etiladi. Yaʼni “maxsus ruxsatnoma”si boʻlgan tadqiqotchilar “maxfiy” hujjatlardan foydalana oladi.
2022-yil 21-oktabr kuni Oʻzbekiston Milliy arxivida maqolada eʼlon qilingan taniqli adib bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Uchrashuv davomida maxfiylikdan chiqarilgan hujjatlar bilan ishlash uchun toʻsiqsiz shart-sharoitlar yaratilishi xaqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, Adibga arxiv hujjatlarini bepul olishi uchun “Oʻzarxiv” agentligi va Oʻzbekiston Milliy arxivi tomonidan hamkorlik taklif etildi.
Maʼlumot uchun :Xorijiy mamlakatlarda arxiv hujjatini elektron nusxasini tayyorlab berish xizmati necha pul turadi:
Rossiya- 168 rub (29 258 soʻm)
Qozogʻiston – 507 tenge ( 11 760 soʻm), kalka hujjatdan qogʻoz nusxa 2 295 tenge (53 563 soʻm)
Pulli xizmatlardan tushgan mablagʻlar boy merosimizni saqlash uchun zarur sharoitlar yaratish (qoʻriqlash, yongʻin xavfsizligini taʼminlash, hujjatlar restavratsiyasi laboratoriyasi moddiy texnika bazasini rivojlantirish) uchun sarflanadi.
Adib tomonidan katta miqdorda foydalanilayotgan arxiv hujjatlarining elektron nusxalari uchun mablagʻ sarflanmasligi maqsadida Oʻzbekiston Milliy arxivi binosida hujjatlardan foydalanish uchun alohida sharoit yaratib berish yuzasidan ham taklif berildi.
Hurmatli arxiv hujjatlaridan foydalanuvchilar, davlat arxivlari bizning boy tariximizni yoritishga qaratilgan barcha takliflarni qoʻllab quvvatlaydi hamda doimiy hamkorlik qilishga chaqiradi.