Tarix “qo‘riqchi”si
Tarixni ko‘rish, bilish istagida bo‘lsangiz, arxiv xujjatlarini ko‘ring.
Keyingi vaqtlarda aholining, ayniqsa ilmiy jamoatchilikning tarixni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi ortayotganligini kuzatish mumkin. Balki buning qaysidir bir ma’noda ko‘rsatkichlari yo‘qdir, ammo uning mezoni qayerda deb so‘rasalar, men arxivlarda degan bo‘lardim. Chunki, bugungi kunda arxivlarimizga tashrif buyurayotgan ilmiy izlanuvchilar soni ortib bormoqda. Ayniqsa, milliy arxiv fondini o‘rganishga qiziqish ortgan.
Shu maqsadda, uzoq tuman, shaharlardagi arxivlar faoliyati bilan tanishish, faoliyatini o‘rganib borish “O‘zarxiv” agentligi xodimlarining asosiy ish faoliyatiga aylangan. Agentlik rahbari ikki kunlik o‘z ish faoliyatini bugun Xorazmdan boshlagan bo‘lsa, matbuot xizmati rahbarining ish kuni Farg‘ona viloyatidan boshlandi. Agentlikda tuzilgan maxsus ishchi guruh bir necha kundan buyon Toshkent viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasiga tegishli davlat arxivlari faoliyati bilan tanishib bormoqda. Bugun, viloyatning chekka hududlaridan biri Bekobod shahar davlat arxivi faoliyati bilan tanishdik. Muhimi, faoliyat “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida yo‘lga qo‘yilganligi, Davlat rahbarining Farmon va Qarorlari, Hukumatning qaror va topshiriqlarining izchillik bilan hayotga tadbiq etilayotganligi, arxivchilarning bugungi islohotlarga hamnafas mehnat qilayotganligi, “mahallabay” faoliyatga to‘laqonli o‘tganligi, “Mahalla – islohotchi” maqomining to‘liq quvvatlanishi, fuqarolarning pensiya va boshqa masalalarida arxivning roli o‘sib borayotganligidadir. Garchi arxiv, arxiv ishini yuritish faoliyati Bekobod shahrida 1963 yilda tashkil etilgan bo‘lsada, unda tarixning chuqur ildizi saqlanmoqda. Bekobod shahrining poydevori 1945 yilda qo‘yilgan bo‘lsada, uning ildizlari moziyga borib taqaladi. Masalan, kimgadir qiziq bo‘lishi mumkin, shahar o‘rnida nima bo‘lgan ilgari? To‘g‘ri, cho‘lu-biyobon bo‘lgan deyish mumkin, birdaniga. Ammo shu cho‘lda ham inson yashaganku, uning nomi, joylashgan joyi, tabiati bo‘lganku. Bu arxivda 1936 yilda Chor hukumati amaldorlari bu yerlarni “Chek-obod tuzem qishlog‘i” deb nomlagan hujjatlari muvjud. Chul bilan aholi istiqomat qiladigan va karvon yo‘li hisoblangan mazkur maskanda ko‘plab karvon uylari bo‘lgan. Chor hukumatining ag‘darilishi va sovet hukumatining tashkil etilishi davrlarida, oktyabr revolyutsiyasigacha bu yerlarda tarqoq holatda 1 ming 500 aholi yashagan. Ijtimoiy ob’ektlardan o‘sha davrda faqat bitta masjid bo‘lgan. 25 nafar fuqaro jamoati bo‘lgan. Yana bir qiziq ma’lumot, bugungi Bekobod shahridagi sement zavodi nima uchundir “Xilkovo” deb nomlangan temir yo‘l stansiyasida qurilgan, 1918 yilning o‘zidayoq “buyuk dohiy” dekretni imzolab, shu hududda sement zavodi qurilishini zimdan mo‘ljallagan. Mazkur zavod bugungi kunda ham faoliyat olib bormoqda. Hullas, arxivda qiziqarli ma’lumotlarni ko‘pini ko‘rish mumkin. Masalan, 1936-1939 yillardagi tashkilotlarning mehnat faoliyati, ikkinchi jahon urushidagi front ortidagi faoliyat, odamlarning hayoti, yangi uylarning qurilishi, kelajakka bo‘lgan umid so‘nmaganligidan dalolatdir. To‘laligicha aks etgan hujjatlarda yon atrof muhitda sodir bo‘layotgan voqealarning hujjatlarda, ilk chop etilgan gazetalarda ko‘rib qolish mumkin, masalan bir hujjatda 1939 yilda Dalvarzin qishlog‘idagi sovxozda savodsizlikni yo‘q qilish (likbez) bo‘yicha sovxoz direktorining buyrug‘i bizni o‘ziga tortdi. Saqlanayotgan gazetalarda, Bekobod shahrining qurilishi, rivojlanishi aks etgan ko‘plab ma’lumotlarni ko‘rish mumkin, afsuski, negadir biz kurgan 1957 yilda chop etilgan gazetalardan 21 mart soni tushib qolgan. Hujjatlarda Bekobod shahrining ijtimoiy, iqtisodiy rivojlanishi davri, ayniqsa mustaqillik yillari davri rivojlanishi yorqinroq aks ettirilgan. Eski gazetalarni varaqlar ekanmiz, unda 1957 yilda ta’lim muassasalarini rivojlantirish juda qiyin bo‘lganligini, yetishmovchilik, ocharchilik, siyosiy turg‘unlik aholini qiynab yuborganligini ko‘rish mumkin. Hullas, gapirsa gap ko‘p. Bekobod shahar arxivi bugun nafaqat shahar turixi “qo‘riqchi”si, balki butun voha arxivini jamlab bormoqda. Darvoqe, arxivda Sirdaryo viloyatiga Qashqadaryo viloyatidan qo‘riq yerlarni o‘zlashtirishga ko‘chirilgan odamlar ro‘yhati, ularning maqomi haqidagi ma’lumotlar ham saqlanmoqda.
Shuhrat Mir Rayim