Tarixning asl haqiqatlari arxivlarda.
Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakatlari
Arxiv xalqimizning boy va o‘chmas tarixi, shonli o‘tmishi haqida eng haqqoniy ma’lumot berib turuvchi manbadir. Arxiv zarvaraqlari bilan tanishar ekanmiz, o‘zimiz uchun yangi tarixni kashf etib boraveramiz.
Darhaqiqat, arxiv hujjatlaridan foydalanib borish asnosida, xali ochiqlanmagan, ko‘pchilikka a’yon bo‘lmagan yangi sahifalar ochilib boraveradi.
Bugungi kunda, arxivlarimiz qimmatli va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlarga juda ham boy. Ushbu hujjatlarni aniqlab, batafsil o‘rgangan holda aholi hamda kelajak avlodga ular haqida aniq ma’lumotlar berish arxivlarning asosiy maqsad va vazifalaridan birini tashkil etadi.
2020 yil davomida Farg‘ona viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimidagi davlat arxivlarida jami 30 nafar tadqiqotchi o‘z izlanishlarini amalga oshirgan bo‘lishsa, joriy yilning 1-choragida ushbu ko‘rsatkich 10 tani tashkil qilmoqda. Ushbu keltirib o‘tilgan raqamlardan ko‘rish mumkinki, tadqiqotchilarning davlat arxivlariga tashrifi yildan yilga ortib bormoqda.
Aynan ular yordamida, saqlovda mavjud bo‘lgan qimmatli va xalqimiz uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan bir qancha arxiv hujjatlari dunyo yuzini ko‘rmoqda
Bundan tashqari, o‘tgan yil davomida Farg‘ona viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimidagi davlat arxivlarida saqlanayotgan hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasini amalga oshirish davomida 5498 saqlov birligidagi qimmatli hujjatlar aniqlandi. Ularda bir qancha muhim tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan faktlar, ma’lumotlarga duch kelinadi.
Tarixdan ma’lumki, Turkiston Muxtoriyati hukumati bolsheviklar tomonidan tor-mor qilinsa ham, Farg‘ona vodiysida istiqlolchilik harakati ommaviy ravishda boshlanishiga to‘siq bo‘la olmadi.
Dastlabki istiqlolchi guruhlarining tuzilishi Qo‘qon atrofidagi Bachqir qishlog‘idan chiqqan Kichik va Katta Ergashlarning nomlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lsa, Skobelev uyezdida esa Marg‘ilon militsiyasining sobiq boshlig‘i Madaminbek sovetlarga qarshi kurash e’lon qildi. Viloyat davlat arxivi saqlovida mavjud bo‘lgan bir hujjatda bayon qilinishicha, 1923 yilda Farg‘ona vodiysida o‘sha paytlarda 57 nafardan ziyod qo‘rboshilar faoliyat olib borgan.
Ana shunday tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar Farg‘ona viloyat davlat arxivida saqlanib kelinmoqda. Saqlovdagi 121 fondga tegishli “Farg‘ona viloyati mehnatkashlar, askarlar va Qizil armiya deputatlari kengashi”ning hujjatlarida o‘zbek xalqining Turkistonda sovet rejimiga qarshi kurash harakati namoyandalaridan biri, istiqlolchi Madaminbek faoliyatiga oid bo‘lgan yangi ma’lumotlar aks etgan.
Asl ismi Muhammad Aminbek Ahmadbek o‘g‘li bo‘lgan Madaminbek 1892 yil Marg‘ilon yaqinidagi So‘kchilik qishlog‘ida tug‘ilgan. Birinchi jahon urushi arafasida podshoga qarshi faoliyati uchun politsiya tomonidan qo‘lga olinib, 14 yilga Sibirga surgun qilingan. 1917 yil fevral inqilobidan keyin Madaminbek ozodlikka chiqqan. «Sho‘roi Ulamo» tashkilotining rahbarlari uni Marg‘ilon shahar mirshablari boshlig‘i lavozimiga tavsiya qilishgan, keyinchalik uni Marg‘ilon militsiyasi boshlig‘i etib tayinlaydilar. Biroq sovet rejimining siyosati Madaminbekni ozodlik uchun kurashga undagan. Madaminbek 1000 — 1500 yigit to‘plab, Marg‘ilon va Toshloq atroflarida qizil askarlarga qarshi dastlabki janglarni boshlagan.
1918 yil yanvarda Madaminbek qo‘l ostida 16000 kishidan iborat qo‘shin bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha yil kuzida ularning soni 30000 kishidan ortib ketgan. Madaminbek xalq orasida katta obro‘ga ega bo‘lgan.
Bu paytda Shermuhammadbekda 20000 yigit, Ergash qo‘rboshida 8000 yigit bo‘lgan. Aynan ana shu uch lashkarboshi vodiydagi jangovor harakatlarni yo‘naltirib turganlar.
Madaminbek siymosida sarkardalik, davlat va siyosat arbobiga xos sifatlar o‘zaro uyg‘unlashib ketgan edi. U Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilarning haqiqiy ma’nodagi dohiysi, tan olingan yo‘lboshchisi edi. Madaminbek vodiydagi sovet hokimiyati organlariga muqobil ravishda o‘z siyosiy boshqaruv usulini joriy qildi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan Farg‘ona viloyat davlat arxivi saqlovidagi 121-fonddagi hujjatlarda ismi Madaminbek Axmadboyev deb keltirilgan qo‘rboshining Marg‘ilon, Vodil, Farg‘ona uyezdlaridagi ozodlik harakatlari, qizil armiyaga qarshi olib borgan yurishlari haqida qimmatli ma’lumotlar aks ettirilgan.
Hususan, ushbu fonddagi 89-sonli yig‘majilddagi hujjatda (Fond-121, R-1, Y-89, V-158) bayon qilinishicha, Madaminbekning Marg‘ilon shahridagi harakatlari davomida qizil askarlar qurshoviga tushib, qiyin vaziyatda qolganda, xalq uning uchun o‘z jonini xatarga qo‘yib, ruslarga qarshi chiqib, qo‘rboshini o‘rab himoya qilganligini ko‘rish mumkin.
Farg‘ona viloyati Komissarlarining 1918 yil 19 yanvar kungi raportida: “18 yanvar ertalabki soat olti. Madaminbek Axmadboyev Eski Marg‘ilon shahriga o‘zining yigitlari bilan kirib keldi. Militsiya boshlig‘i Zoidov Madazim Muxammad qarorgohini o‘rab olib, o‘t ochdi. Militsiya boshlig‘iga yordamga kelgan boshqa kuchlar Madaminbek va uning qo‘shiniga 600-700 metr ham yaqinalasha olmadi. Buning sababi esa, mahalliy aholining ularga qattiq qarshilik qilganidir. Ular Madaminbek himoyasi uchun o‘z jonlarini xatarga qo‘yib, uni o‘rab olib, unga qarshi o‘t ochilishiga yo‘l qo‘ymadilar” deyilgan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, Madaminbek va boshqa istiqlolchilik harakatlari namoyandalari sovetlar ta’kidlaganidek, “bosmachi” emas, balki, xalq ishongan, yurt ozodligi uchun kurashgan, millat taqdirini begonalar belgilashiga yo‘l qo‘yishini istamagan vatanparvar yurt o‘g‘loni bo‘lgan.
Bizning asosiy maqsadimiz, aynan ushbu hujjatlarda keltirilgan, nafaqat Madaminbek siymosi orqali, vatanparvarligi, o‘z yurti ozodligi uchun jon fido etgan yaqin o‘tmishdagi boshqa kurashchilar misolida xalqimizning, ayniqsa yoshlarimiz qalbida ona Vatanga muxabbat tuyg‘ularini yanada oshirish, tinchlik deb atalmish bebaho ne’matning qanchalar yuksak tushuncha ekanligini singdirib borishdan iboratdir.