Til insonlarning o‘zaro aloqa vositasi bo‘lib, yaratuvchining insonga bergan bebaho ne’matidir. Dunyoda har bir xalqning o‘z ona tili uning bebaho boyligi, iftixori hisoblanadi. Hikmatli so‘zlar, she’ru dostonlar, qo‘shiqlar, avvalo millatning ona tilida dunyoga keladi. Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi, tili yashar ekan u millat boshqa millatlar orasida o‘z nufuzi, obro‘siga ega bo‘ladi. 1989 yil 21 oktyar. Bu qutlug‘ kun O‘zbekiston tarixiga, o‘zbek millati yilnomasiga zarhal harflar bilan bitildi. “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilindi. Bu qonun avlodlarimiz asrlar bo‘yi orzu qilgan, ammo orzulari sarobga aylanib qolgan davrlarda momaqaldiroqdek guldirab, chaqmoqdek chaqib, yuzaga keldi. U Mustaqilligimiz sari qo‘yilgan eng dadil qadam edi. Bu qonunning qabul qilinishi oson kechmagan. Shuni ta’kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi-desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimiz ruhini ko‘tardi.O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘sini oshirdi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari, fan, texnika, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarda qo‘llaniladigan so‘zlarni o‘z ichiga olgan besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” yaratildi. Til insonning birlamchi ehtiyoji, anglash, bilish, so‘zlash, aloqa-munosabat vositasi bo‘lgani bois hamisha jamiyat ravnaqining asosiy mezonlaridan biri bo‘lib kelgan. Jumladan, o‘zbek tili o‘zbek millatining uzoq tarixiy ildizlariga, o‘z siyosiy-huquqiy asoslariga ega muqaddas qadriyati, ulkan ma’naviy yutug‘idir. Bugungi kunga qadar shonli va sharafli yo‘llarni bosib, keskin va shiddatli to‘fonlarni yengib kelayotgan milliy tilimiz davlat maqomida yanada ulug‘vor va ustuvorligini namoyon qilib kelmoqda. Chunki tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demakdir. Til – millat qiyofasining bir bo‘lagi, aynan til tufayli xalq va elatlarning madaniyati, urf-odatlari saqlanib qoladi, sayyoramizda yashayotgan xalqlarning o‘tmishi va madaniyati hurmat qilinadi. Shu o‘rinda Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning «Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin» degan so‘zlaridan shuni anglab yetishimiz kerakki, til har bir millat madaniyatining o‘zagi, u xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydigan, birlashtiradigan, tarbiyalaydigan, o‘qitadigan, urf-odat, ananalarini saqlaydigan asosiy vosita ekanligini har birimiz chuqur anglab,ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda chuqur hurmat bilan yondashimiz kerak. Bu bizning kelajak oldidagi vazifamiz va burchimizdir. Chunki tilsiz hech bir millat to‘laqonli xalq bo‘la olmaydi. Usiz Vatanning erki yo‘q. Davlatimiz rahbarining e’tibori, bu qutlug‘ sanani eng yuksak darajada nishonlash bo‘yicha bergan ko‘rsatmalari o‘zbek tilining nufuzini, uning ahamiyatini yanada oshiradi, deb o‘ylaymiz. Hammamizga millatimizning qutlug‘ o‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin.
"Yagona va Ishonch telefoni" xizmatidan qoniqdingizmi?
Notes to administration (optional):