TIL YAShASA, MILLAT YAShAYDI
Bugungi kunda jahonning barcha mamlakatlarida davlatimiz delegatsiyalari tashrifi, yoshlarimiz yutuqlari, sportchilarimiz g‘alabalari sharafiga o‘zbek tilida madhiyamiz kuylanayotgani har birimizning g‘ururimizga g‘urur qo‘shadi.
1989 yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘zbek tili maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi. O‘zbek tili haqidagi qonun qabul qilinganidan so‘ng davlat hujjatlari o‘zbek tilida yuritiladi, gazeta va jurnallar o‘zbektilida chop etila boshlandi.
1993 yil 2 sentyabrda “Lotin tiliga asoslangan o‘zbek alifbosini tuzish to‘g‘risida” gi qonun qabul qilingandan so‘ng, mamlakatimiz har tomonlama rivojlandi va jahon kommunikatsiya tizimidan munosib o‘rin egallash muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shu sababli chet ellarda ham o‘zbek tiliga qiziquvchilar, uni o‘rganuvchilar soni ortib bordi.
Dunyoda 5600 dan ortiq tillar mavjud bo‘lib, bundan 200 tasigina davlat tili sifatida qabul qilingan. Ularning orasida o‘zbek tilining borligi uning naqadar sof, mukammal, purma’no va jozibadorligidan, mamlakatimizning chin ma’noda mustaqilligidan darak beradi. Shunday ekan ona tilimizning shundayin go‘zalligini, sofligini keyingi avlodlarga yetkazish bizning vazifamizdir.
Insonnig qanday ma’naviyatga ega ekani uning tilida, chiroyli nutqida namoyon bo‘ladi. Til millatning buyuk boyligi, bebaho hazinasi, tuganmas mulkidir. Chunki millatning tarixi, uning madaniy, ma’naviy merosi, urf-odatlari va an’alari unda mujassam bo‘ladi. Shu sababli ona tilimizni asrab - avaylash, uni boyitishimiz va avlodlarga to‘liqligicha yetkazishimiz kerak.
Biz o‘z ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uning nufuzini oshirishimiz, go‘zal va sofligini avlodlarga meros sifatida qoldirishimiz, dunyoga tanitishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. “Til yashasa, millat yashaydi”. Agar biz o‘z tilimizning ko‘rkamligi, boyligini dunyoga tarannum etsak , millatimiz yanada charog‘on bo‘ladi va birligimiz mustahkam bo‘ladi.
Anvar Abdullayev,
Farg‘ona viloyati Oltiariq tuman davlat arxivi direktori.