Tinchlik, farovonlik va yoshlik sayli


Tinchlik, farovonlik va yoshlik sayli

Toshkent va Samarqand shaharlarida “Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlari bo'lib o'tdi

Toshkent va Samarqanddagi yuzlab favvoralarning mayin epkini, chiroyi barchaga xush kayfiyat bag'ishladi...

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari jarayonida bir-biridan go'zal favvoralar ham barpo etilmoqda. Svetodiodli, musiqali favvoralar zamonaviy shaharlarimiz ko'rkiga ko'rk bag'ishlamoqda.

Katta favvoralar yonida musiqa sadolari yangrab, shahar ahli va mehmonlarni o'ziga chorladi. Ko'ngilochar maskanlarda o'zgacha bayramona kayfiyat hukm surdi. Odamlar salqin havoda sayr etib, kontsert dasturlarini tomosha qilib, mazmunli hordiq chiqardi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 23 apreldagi “Toshkent shahrida “Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlarini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq o'tkazilayotgan mazkur tadbir xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga g'oyat manzur bo'lmoqda. Ushbu sayil ko'lami yildan-yilga kengayib borayotgani, unda barcha xursandchilik bilan qatnashayotgani shundan dalolat beradi.

Ushbu ommaviy sayil nafaqat estetik, balki tarixiy va madaniy xususiyatlarga egaligi bilan ham ahamiyatlidir. Zero, suvdan turli shakllar yasab, ajib manzara hosil qilayotgan favvoralar xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini, ajdodlarimizdan avlodlarga o'tib kelayotgan me'morlik an'analarini ham o'zida ifodalagan.

Toshkent shahar hokimligi qoshidagi “Toshkent favvorasi” davlat unitar korxonasi muhandisi Bahodir Azizovning aytishicha, poytaxtimizda bugungi kunda ellikka yaqin favvora bor, ularning o'n beshga yaqini suvni musiqaga hamohang harakatlantiruvchi moslamalar va zamonaviy yoritish tizimlari bilan ta'minlangan.

Bu yil ham sayilga puxta hozirlik ko'rildi. Favvoralar ta'mirlanib, yana bir nechtasiga zamonaviy texnologiyalar o'rnatildi. Toshkent xalqaro aeroporti yaqinidagi va Yakkasaroy tumanidagi Pushkin haykali qarshisidagi favvoralar svetodiodli chiroqlar bilan bezatildi. Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Davlat akademik katta teatri maydonidagi musiqali favvora chiroqlari ana shunday serjilo chiroqlarga almashtirildi.

Poytaxtimizdagi favvoralarning o'ziga xos jihati shundaki, ular shakl va mazmunan bir-birini takrorlamaydi: biri gulga burkangan serfayz daraxtni, biri ona sayyoramizni, biri ulkan nilufar gulni eslatsa, yana biri mahobatli sharsharalar kabi ko'zlarni sehrlaydi.

...Simpoziumlar saroyi yonidagi favvoralar go'yo ko'kda parvoz etayotgan oqqushlar misol qanot qoqadi. Marmardek tiniq suvning sehrli kuy ostida bir necha metr yuqoriga ko'tarilib, yorqin rangli nurlarga belangan ko'yi pastga tushishi qalblarga olam-olam zavqu shavq bag'ishlaydi.

 – Har yili ushbu sayilni bayramdek kutib olamiz, – deydi Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti talabasi Sulaymon Haydarov. – Kursdoshlar birga aylanib, miriqib dam oldik. Bunday sayillar biz, yoshlarni yanada hamjihatlikka undaydi. Qalblarimizda obod Vatanimizdan faxrlanish tuyg'usini kuchaytiradi.

Shifokorlarning fikricha, favvoralar inson salomatligi uchun juda foydali ekan. Musaffo suv kishiga huzur-halovat bag'ishlab, kayfiyatini ko'taradi, toliqishni oladi. Favvora suvi jilosini kuzatadigan insonlarda qon aylanishi va miya faoliyati yaxshilanadi, asab tizimi tinchlanadi.

Favvoralar ansambli me'moriy uslubi va ko'lami jihatidan atrofidagi ma'muriy binolarga ko'rkamlik bag'ishlash barobarida, yozning issiq kunlarida ularni sovutish uchun ham xizmat qiladi. Haroratni mo''tadillashtirib, atrofga salqinlik baxsh etadi.

 – Har kuni ishdan qaytayotganda Xadra maydonidagi ko'rkam favvoralar yonida bir muddat hordiq chiqaraman, – deydi Abbos Abdug'afforov. – Mayin shabadadan rohatlanaman, ruhim tetiklashadi. Bir vaqtlar ushbu maydonning ahvoli qanday bo'lganini yaxshi eslayman. Hamma yog'i beton bilan qoplangan bu maydonda quyosh nuridan qayoqqa qochishni bilmas edik. Bugun bu erda madaniy hordiq chiqarish uchun barcha sharoit yaratilgan. Yam-yashil daraxtlar, turfa gullar ko'zlarni quvnatadi. Nevaralarim bilan bu erga tez-tez kelib turamiz. Bolalar attraktsionlarda o'ynaydi, biz, yoshi ulug'lar zamonaviy Toshkentning go'zalligidan zavqlanib, tobora ko'rkamlashib borayotgan shahrimiz qiyofasidan xursand bo'lamiz.

29.jpg 
Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Davlat akademik katta teatri maydonidagi musiqali favvora atrofi ham har kungidan-da gavjum bo'ldi. Bu erda yoshlar ishtirokida madaniy-ma'rifiy, ko'ngilochar kontsert dasturlari, turli viktorinalar kechgacha davom etdi.

– “Favvoralar sayli” yoshlarning o'ziga xos bayramiga aylanmoqda, – deydi O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi 3-akademik litsey o'quvchisi Navro'z Jo'raqulov. – Bu yilgi sayilni ham intiqlik bilan kutdik. Turli o'yinlar, savol-javob, rassomlik bellashuvlarida qatnashib, bir olam zavq oldik, yangi do'stlar orttirdik.

Sayil ishtirokchilari orasida xorijlik mehmonlarni ham uchratdik.

– O'zbekistonga har safar kelganimda ko'plab yangi binolar, bog'lar va favvoralar barpo etilganiga guvoh bo'laman, – deydi hindistonlik Nasr Hasanxon. – Bu mamlakatingiz taraqqiyoti, turli sohalarda ro'y berayotgan ulkan o'zgarishlardan dalolatdir. Toshkentda sayr qilishni, favvoralarning salqin shabadasidan rohatlanishni yaxshi ko'raman. Bu galgi safarim shunday ajoyib bayramga to'g'ri kelganidan juda xursandman.

“Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlari Mustaqillik maydoni, “Istiqlol” san'at saroyi, ko'plab oliy o'quv yurtlari, madaniyat va istirohat bog'laridagi favvoralar oldida ham bo'lib o'tdi.

...Samarqand shahrining Ko'ksaroy va Teatr maydonlari, Amir Temur xiyoboni, Shoirlar bog'i, Universitet xiyoboni, Yo'lbarslar xiyoboni, Samarqand temir yo'l vokzali maydoni kabi o'nga yaqin maskanlardagi favvoralar atrofida erta tongdan madaniy dasturlar, kontsert tomoshalari, rassomlarning rang-tasvir asarlari ko'rgazmalari namoyish etildi.

Prezidentimiz rahnamoligida Samarqand shahrida keng ko'lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Qadimiy shaharning tarixiy obidalari atrofi obod qilinib, yangi bog' va xiyobonlar tashkil etildi.

Registon majmuasi, Ko'ksaroy maydoni, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda yodgorlik majmui, Hazrati Doniyor ziyoratgohi, Mirzo Ulug'bek rasadxonasi, Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bog'ida olib borilgan bunyodkorlik ishlari natijasida ushbu maskanlar Samarqandning eng so'lim, xushhavo joylariga aylandi. Bu bog' va xiyobonlar, maydonlarda zamonaviy favvoralar bunyod etilishi shaharda mo''tadil havo haroratini va atrof-muhit musaffoligini ta'minlash, aholining maroqli hordiq chiqarishiga xizmat qilmoqda.

– Samarqandga ilk bor kelganimda shaharning tarixiy obidalari bilan birga go'zal bog' va xiyobonlari, turfa favvoralarni ko'rib hayratda qolganman, – deydi Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi, qashqadaryolik Maftuna Ro'zieva. – Ne baxtki ana shu muqaddas zamin, azaldan ilm-fan va madaniyat markazi bo'lgan shaharda oliy ta'lim olish baxti nasib etdi. Samarqandda juda ko'p madaniy tadbirlar, ilmiy anjumanlar o'tkaziladi. Ikki yildan buyon bu tadbirlar qatoriga favvoralar sayli qo'shildi. Bu Samarqandning bugungi ko'rku jamoli, go'zal qiyofasiga yarashib, sayyohlikning yana bir yo'nalishiga aylanmoqda. Favvoralar saylida biz bilan birga institutimizga kelgan xorijlik o'qituvchi va tengdoshlarimiz ham qatnashib, tadbirlardan olam-olam taassurot oldi.

Arxitektor va tarixchi olimlar, tibbiyot xodimlari favvoralarning yaratilish tarixi, ularning inson salomatligiga ta'siri haqida gapirib berdi. Yoshlar o'rtasida sport musobaqalari, intellektual o'yinlar o'tkazildi.

 – O'g'lim oilasi bilan Samarqand shahrida yashaydi, – deydi urgutlik o'qituvchi Xudoyberdi Komilov. – Ikki kun oldin ularni yo'qlab kelgandik. Bayram ustidan chiqib qoldik. Shaharning ko'plab hududlarida kontsert dasturlari, ko'rgazmalarni tomosha qildik. Ilohim, farovon kunlarimizga ko'z tegmasin.

Bunday zamonaviy favvoralar nainki Samarqand shahrida, balki viloyatning Pastdarg'om, Payariq, Urgut, Nurobod va boshqa tumanlarida ham qurilmoqda. Favvoralar sayli doirasida ushbu hududlarda ham tadbirlar o'tkazildi.

“Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlari tom ma'noda yoshlik, bahor, shodu xurramlik, xotirjamlik va ezgu niyatlar bayramiga aylandi. Zero, turfa ranglarda tovlanayotgan favvoralar mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik va farovonlik hukm surayotganidan dalolatdir.

Manba: www.uza.uz