Tinchlik, osoyishtalik va xalqimiz birdamligining samaralari

Tinchlik, osoyishtalik va xalqimiz birdamligining samaralari

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 30-iyun – 1-iyul kunlari Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi.
 
Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga safarining ikkinchi kuni Kasbi tumanidagi “Kamol Sulton” fermer xo‘jaligi dalasiga tashrif buyurdi.
 
Qashqadaryolik dehqonlar bu yil 145 ming gektar maydonda g‘alladan mo‘l hosil yetishtirdi. Shu kunlarda o‘rim-yig‘im ishlari qizg‘in davom etmoqda. “Kamol Sulton” fermer xo‘jaligi alohida faollik ko‘rsatmoqda. 67 gektar maydonning har gektaridan 40 sentnerdan oshirib hosil olinmoqda.
 
G‘allachilikda, aytish mumkinki, paxtachilikda ham muhim bo‘lgan mana shu kunlarda sizlar kabi mehnatkash dehqonlarimizdan hol-ahvol so‘rash, hormanglar, deb madadkor bo‘lish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi, dedi davlatimiz rahbari. Yerga, mehnatga munosabat tubdan o‘zgargani, yer bilan ishlash va dehqonchilik madaniyati yuksalgani mana shu obod dalalarda, mo‘l-ko‘l hosillarda namoyon bo‘lmoqda. Mamlakatimizda 8 million tonnadan ziyod g‘alla yetishtirilmoqda. Bunday ulkan xirmonni bunyod etishning o‘zi bo‘lmaydi, albatta. Bu, avvalambor, sizlarning tinimsiz mehnatingiz, qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan islohotlar, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalik, xalqimizning birdamligi samarasidir. 
 
Sobiq tuzum davrida Qashqadaryo viloyati qoloq hudud edi. Turli adolatsizliklar tufayli odamlar turmushdan norozi, hayotdan noumid bo‘lib qolgandi. Respublikaga gaz yetkazib beradigan viloyatda atigi 4 foiz aholi tabiiy gazdan foydalanish imkoniga ega edi, xolos. 
 
Bugungi kunda Qashqadaryo har tomonlama rivojlangan viloyatga aylandi. Mamlakatimiz sanoat mahsulotining qariyb 11 foizi, don va paxtaning katta qismini aynan shu viloyat yetkazib bermoqda. 
 
Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q. Kechagi kunni unutmasligimiz, uni bugungi kun bilan solishtirib, xulosa chiqarib yashashimiz kerak. Bu bizni ogohlikka, hayotning qadriga yetishga, ertangi kun bundan ham farovon bo‘ladi, deya ishonch va intilish bilan harakat qilishga undaydi, dedi Yurtboshimiz.
 
Prezidentimiz Qarshi va Shahrisabz shaharlarida amalga oshirilayotgan ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari “Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?” degan savolga javob ekanini, ular viloyat qiyofasini o‘zgartirib, aholi farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. 
 
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Qarshi shahrining hududi kengaytirilmoqda. Yangi avtostansiya va vokzallar, ko‘p qavatli uy-joylar, bog‘ va xiyobonlar, xizmat ko‘rsatish obyektlari, kanalizatsiya va kommunikatsiya tarmoqlari bunyod etilmoqda. Aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun yanada keng qulayliklar yaratilmoqda. 
 
Shahrisabzda ham ulkan qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Oqsaroy majmuasi atrofidagi maydon kengaytirilib, Chorsu bozori, Ko‘kgumbaz obidalarini bog‘lovchi so‘lim xiyobon barpo etilayotir. Shaharning sayyohlik salohiyatini yanada oshirish maqsadida Qarshi shahriga boradigan 129 kilometrlik zamonaviy yo‘l qurilmoqda. 
 
Qashqadaryo buyuk Sohibqiron Amir Temurni voyaga yetkazgan zamin. Bu yerda u zotning avlodlari – g‘ururi baland, mard va tanti odamlar yashaydi, dedi Islom Karimov. 
 
Prezidentimiz fermer va ishchilarning mehnat qilishi hamda dam olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar, oilaviy sharoitlari bilan qiziqdi. Mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan oqilona siyosat va izchil islohotlar samarasida xalqimiz turmush darajasi muttasil yuksalib borayotgani qayd etildi. 
 
Davlatimiz rahbari paxta hosili rivojiga ham ahamiyat qaratdi. Qashqadaryo iqlimi va tuproq sharoitiga mos serhosil navlarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.
 
O‘zbekiston Qahramoni, Qamashi tumanidagi “Bozor o‘g‘li Abdi” fermer xo‘jaligi rahbari Abdimurod Bozorov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Yanvar Inoyatov, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi Eson Rajabov, Kasbi tumanidagi “Jizza zamin nuri” fermer xo‘jaligi rahbari Toshpo‘lat Boqiyev, G‘uzor tumanidagi “Zarbdor” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Ra’no Jonquvvatova, Shahrisabz tumanidagi “Zargarlik” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nodira Abdullayeva va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi har sohada namoyon bo‘layotganini, odamlarning turmush tarzi, davlatimizning xalqaro nufuzi tobora yuksalib borayotganini faxr bilan ta’kidladi.
 
Islom Karimov Koson tumanidagi “Pudina massivi” fermer xo‘jaligi dalasida ham bo‘ldi. 
 
Ushbu xo‘jalik a’zolari bu yil 31 gektardan ortiq maydonda g‘alla yetishtirib, uning har gektaridan 40 sentnerdan hosil oldi. 
 
Mustaqillikning ilk yillaridan fermerlik harakatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratganimiz naqadar to‘g‘ri bo‘lganini bugun hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda. Fermerlar xalqimiz rizq-ro‘zini yetishtirish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga xizmat qiladigan qudratli kuchga aylandi. Lekin faqat g‘alla va paxta bilan yuksak farovonlikka erishib bo‘lmaydi. Fermerlarga yanada keng erkinlik berish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini izchil rivojlantirish zarur, dedi Yurtboshimiz.
 
Inson baxt uchun dunyoga keladi, degan ibora xalqimiz orasida ezgu da’vatga aylandi. Odamlar hayotning ma’nosini tushunib yetmoqda, dunyoqarashi o‘zgarmoqda. Bugungi avlod bilan saksoninchi yillardagi odamlar o‘rtasida osmon bilan yercha farq bor. 
 
Yaqinda Shveytsariyada Jahon iqtisodiy forumi iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan mamlakatlar reytingini e’lon qildi. O‘zbekiston mazkur reytingda 5-o‘rinni egalladi. Xalqimizning tinimsiz mehnati, izchillik bilan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli qo‘lga kiritilayotgan bunday ulkan yutuqlardan har birimiz faxrlanib, boshimizni baland ko‘tarib yashashga haqlimiz, dedi Prezidentimiz. 
 
“Nuroniy” jamg‘armasi Koson tumani bo‘limi raisi Rahim Turdiyev, “Obidiyda” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Nabi Badirov, 15-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Zumrad Boymurodova, Qarshi davlat universiteti axborot-resurs markazi direktori Rohila Halimova va boshqalar butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Qashqadaryo viloyatidagi taraqqiyot, o‘zgarishlar odamlarning ko‘nglini ko‘tarayotgani, hayot sifatini oshirayotgani, yangi marralar sari ruhlantirayotganini alohida ta’kidladi. 
 
Prezidentimiz Islom Karimovning Qashqadaryo viloyatiga safari davomidagi uchrashuv va muloqotlar, ularda bildirilgan fikrlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotganini, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini muttasil yuksaltirishga xizmat qilayotganini yana bir bor namoyon etdi.
manba: uza.uz