Toshkent zilzilasiga 55 yil to‘ldi

Toshkent zilzilasining 10 yilligi munosabati bilan shahar markazidagi yangi turar joy mavzesida “Jasorat” arxitektura kompleksi qurildi.

Toshkent shahar Markaziy davlat arxivida 1966 yil 26 aprel kuni soat 05:23 da yuz bergan Toshkentdagi kuchli zilzilaga doir bir qancha alohida qimmatli arxiv hujjatlari, jumladan qog‘oz asoasdagi hamda foto hujjatlar mavjud.
Xususan Toshkent shahar ijroiya mahkamasining qaror va farmoyishlari, 10-fond, 4-ro‘yxat, 639-722-yig‘ma jildlar, 1966–1967 yillar.
Bu fond hujjatlari Toshkent shahar ijroiya mahkamasiga tegishli bo‘lib, unda Toshkent shahrida 1966 yil aprel oyida ro‘y bergan zil-zila, unda ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish, talafot joylaridan aholini ko‘chirilishi, ko‘chirilganlarni uy-joy bilan ta’minlash, aholini moddiy ta’minot bilan ta’minlanganligi, talofot yetgan hududlarni tozalash va obodonlashtirish ishlarining olib borilishi, qo‘shimcha yordam kuchlarining jalb qilinishi haqida qaror va farmoyish hujjatlari o‘z aksini topgan.
Toshkent shahri seysmik jihatdan faol zona (8—9 balli seysmik)da joylashgan. 1866—68 yillar va 1966 yildagi zilzilalar kuchli zilzilalar sirasiga kiradi.
1866 y. 26 apreldan 27 aprelga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan zilzila oqibatida mozor va jome masjidlarining gumbazlari, jumladan, Xoja Ahror jome masjidi gumbazi, aholi yashaydigan imoratlar qulab, ko‘plab qurbonlar bo‘lgan. Bu haqda XIX-asrda yashagan toshkentlik tarixchi Muhammad Solih "Tarixi jadidai Toshkand" asarida hikoya qilgan. Undan tashqari, Toshkentda 1868 yilning 4 fevral va 4 aprel, 1886 yilning 29 noyabr, 1924 yilning 7 iyun, 1946 yilning 3 noyabr kunlarida 7 va 8 balli zilzilalar bo‘lgan. Bu zilzila o‘choklari Toshkentdan tashqarida joylashgan bo‘lib, kuchi 8—9 ballga yetgan.
1966 y. 26 aprel soat 5 dan 22 min. o‘tganda Toshkentda kuchli zilzila sodir buldi. Zilzila o‘chog‘ining chuq. 8–10 km bo‘lib, energiyasi 10y joulga teng , epitsentrda (sobiq Qashqar mahallasi va Labzak o‘rnida) vertikal zarblar kuchli bulib, silkinish 8 ball, Rixter shkalasi bo‘yicha magnitudasi 5,3, maksimal vayronalik maydoni — 10 km² ga yetdi. Bu maydon shim.g‘arbdan jan.sharqqa cho‘zilgan. Zilzilaga sabab bo‘lgan Qorjontov tektonik darzligi shu yo‘nalishda 8– 10 km chuqurlikni qamraydi. Bu zilzilani yer yuzidagi 100 dan ortiq seysmik stansiyalar qayd qiddi.
Birinchi kuchli zarbadan so‘ng silkinishlar soni 500 dan ortgan, ulardan bir nechtasining kuchi 7 ballga yaqinlashgan. Ayniqsa, 1966 yilning 7, 9, 24 may, 4 iyun, 29 iyul kunlari sodir bo‘lgan tebranishlar uyjoylarni vayron qilgan. Asosiy tebranish 1966—68 yillar mobaynida yuz berib turgan bir kancha aftershoklar bilan davom etdi. Zilzilaning kaytalab turishi 2000 dan ortiq bo‘lganligini Markaziy seysmik stansiya qayd qilgan.
Zilzila natijasida 2 mln. m2 dan ortiq turar joy, 236 ma’muriy bino, 700 ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish joylari, 26 kommunal xo‘jalik korxonasi, qariyb 180 o‘quv yurti, shu jumladan, 8 ming o‘rinli maktablar, 36 madaniy maishiy muassasa, 185 tibbiy va 245 sanoat korxonasi binolari zarar ko‘rdi. 78 ming oila, 300 ming kishi boshpanasiz qoldi, 8 kishi halok bo‘lib, 150 ga yaqin kishi jarohatlangan.
Zilziladan zarar ko‘rgan Toshkentga qo‘shni respublikalardan g‘amxo‘rlik ko‘rsatdilar. Boshpanasiz qolganlarni joylashtirish, sanoat va savdo korxonalari ishini qayta tashkil etish va boshqa tadbirlar belgilandi. Zilzila oqibatida vayron bo‘lgan uyjoylar o‘rnida zilzilabardosh yangi binolar qad ko‘tardi.
Qisqa vaqt ichida shahar qiyofasi o‘zgardi. Toshkent go‘zal, zamonaviy shaharga aylandi.
Halok bo‘lganlar soni 8 kishini tashkil etdi. Ikki yuzdan ortiq odam jarohat oldi, keyinchalik esa kuchli hayajonli qo‘rquvni boshidan o‘tkazgan ko‘pgina qariyalar vafot etdi
Vayronalar
Toshkent zilzilasi oqibatida shahar aholisining yarmi uysiz qoldi. Bir necha soniya ichida ikki mln kv turar joy maydoni yaroqsiz holga keldi. 78 ming nafar oila uy-joysiz qoldi, zilzila natijasida ma’muriy binolar, savdo ob’ektlari, kommunal xizmatlar, o‘quv muassasalari, tibbiyot va sanoat binolari vayron bo‘ldi.
1966 yildagi Toshkent zilzilasi odamlarni jipslashtirdi. Shahar jadal tezlikda qayta qurila boshlandi, qishga kelib 300ming aholi yangi uylarga ko‘chib o‘tdi. Uch yilga qolmay zilzilaning barcha oqibatlari bartaraf qilindi. Shahar chetida yangi mavzelar barpo qilindi, shahar markazi esa qayta tiklandi, maktab, ma’muriy binolar, madaniy dam olish muassasalari qad ko‘tardi.
Toshkent kuchli tabiiy ofatni boshidan o‘tkazdi, biroq Sovet Ittifoqi respublikalari yordamida qayta tiklandi. Toshkent shahrining maydoni 1,5 barobar kattalashdi. Shuningdek aholi soni ham ortdi: bugungi kunda shaharda yuzdan ortiq millat vakillari istiqomat qiladilar.
Toshkent zilzilasining 10 yilligi munosabati bilan shahar markazidagi yangi turar joy mavzesida “Jasorat” arxitektura kompleksi qurildi.

Anvarjon Aliyev,
“O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati rahbari


Manba : “Ўзархив” агентлиги Ахборот хизмати