Xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning muhim omili

“O‘zekspomarkaz”da “Transport va logistika – TransUzbekistan – 2014” XI xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.

Ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Xalqaro avtomobilda yuk tashuvchilar uyushmasi, Xalqaro ekspeditorlar uyushmasi va “ITE Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazma kompaniyaci hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirning ochilishida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida transport kommunikatsiyalari va logistika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatimizni jadal rivojlantirishda muhim omil bo‘layotgani alohida ta’kidlandi. Yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish mamlakatimizning jahon bozoriga faol integratsiyalashuviga, hududlar infratuzilmasini tubdan yaxshilashga, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotir. Davlatimiz rahbarining 2010-yil 21-dekabrda qabul qilingan “2011-2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar samarasida ushbu sohada xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. “TransUzbekistan – 2014” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston, Xitoy, Germaniya, Italiya, Belarus, Gruziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Eron, Latviya, Litva va Rossiyadan ellikdan ziyod kompaniya ishtirok etmoqda.

Boltiqbo‘yi kompaniyalari “TransUzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasida muntazam ishtirok etib keladi. Chunonchi, bu yilgi ko‘rgazmada Latviya Respublikasi Milliy guruhining o‘n ikki kompaniyasi o‘z mahsulotlarini namoyish etayotgan bo‘lsa, Litvaning “LINAVA” avtomobilda tashuvchilar milliy assotsiatsiyasi ekspozitsiyasida “Daimanta”, “Svevala”, “Stanvita” kompaniyalari stendlari o‘rin olgan.

– O‘zbekiston Osiyo mintaqasida transport kommunikatsiyalari va logistika sohasida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi, – deydi Latviyaning “Inflot Worldwide Shipping Agency” kompaniyaci menejeri Andrey Medvedev. – Hamkorligimiz o‘zaro manfaat va ishonchlilik tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa mamlakatlarimiz o‘rtasida yuk tashish hajmini barqaror oshirish imkonini bermoqda. 

Mamlakatimizdagi yirik zamonaviy “Universal Logistics Services” temir yo‘l konteyner terminali ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etmoqda. Kompaniya konteyner va vagonlar, shuningdek, hajmi katta bo‘lmagan yuklarga ishlov berish bo‘yicha kompleks xizmatlarni taqdim etadi.

O‘zbekiston bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi savdo munosabatlarining tobora mustahkamlanib borayotgani mamlakatlarimiz o‘rtasida transport aloqasini rivojlantirishga ko‘maklashmoqda. Xitoyning “Sinochain Logistics” va “Trans Sea And Railway Logistics Group” kompaniyalari tomonidan taklif qilinayotgan keng ko‘lamli logistika xizmatlariga katta qiziqish bildirilayotgani ham bundan dalolat beradi. 

– Transport infratuzilmasi rivojlangan O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng muhim hamkorimizdir, – deydi “Sinochain Logistics” kompaniyacining marketing bo‘yicha mintaqaviy direktori Luis Lu. – Ushbu ko‘rgazmada kompaniyamiz temir yo‘l logistikasi bo‘yicha xizmatlarni taklif qilmoqda. O‘zbekistonning markaziy qismini Farg‘ona vodiysi bilan bog‘laydigan yangi temir yo‘l liniyasi mamlakatlarimiz o‘rtasida transport aloqasini rivojlantirishda muhim omil bo‘ladi. Mazkur loyiha Sharq va G‘arb o‘rtasidagi qadimiy savdo yo‘li bo‘lgan Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklash borasida muhim qadam bo‘lishiga ishonaman. 

Hindistonning MDH davlatlariga yuk yetkazib berishga ixtisoslashgan “Lark Logistics” kompaniyaci stendi soha mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. 

Avtomobil butlovchi qismlari sektori – “Auto&Parts Uzbekistan” ko‘rgazmaning o‘ziga xos bo‘limidir. Ushbu bo‘lim eksponentlari orasida Eronning shina ishlab chiqaruvchi “Razi Industrial Group” va Italiyaning avtomobillarni ta’mirlash uchun keng turdagi mahsulotlarini namoyish etayotgan “Termomeccanica” kompaniyasi ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar e’tiborini tortmoqda.

Dunyoning turli davlatlaridan transport, logistika va yuk tashish sohasida faoliyat yuritayotgan yirik kompaniyalarni bir joyda to‘plagan “TransUzbekistan – 2014” xalqaro ko‘rgazmasi mazkur yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va yangi investitsiyalarni jalb qilishda muhim omil bo‘ladi.