Xiva xonligidan Rossiyaga borishga ijozat beruvchi pasport kimga berilgan?
Pasportda fuqaroning ismi sharifi, yoshi, bo‘yi, ko‘zining rangi, qoshi, burni, soqoli, yuzi, toifasi (millati), qavmi (qaysi urug‘dan ekanligi), yashash manzili, pasport seriya raqami, berilgan sanasi aniq ko‘rsatilgan.
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan “Xiva xonligi arxiv hujjatlari” nomli fond hujjatlari YuNESKOning “Jahon xotirasi” dasturida e’tirof etilib, mukofotlangani haqida ma’lum qilgan edik.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, bu fond o‘zining qadimiyligi, noyobligi va Markaziy Osiyoda yagonaligi bilan muhim ahamiyatga ega. Bu hujjatlarda XVII asr oxiri XIX asr boshlaridagi o‘sha davr davlat boshqaruvi, harbiy holat, fuqarolarning hayot tarzi va boshqa barcha ma’lumotlar mavjud
Bunday hujjatlar yig‘majildida 83 ming 551ta hujjat mavjud. Ular Markaziy Osiyoda yagona bo‘lib, unda qo‘shni davlatlarga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlar ham uchraydi. Bu hujjatlarda Xiva xonligining ma’muriy-hududiy joylashishi, davlat boshqaruvi, qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik, savdo aloqalari, xalqning turmush tarzi va madaniyatiga oid keng qamrovli ma’lumotlar mavjud.
Keling, ulardan ba’zi birlarini e’tiboringizga havola etamiz. Misol uchun, fonddagi eng qadimiy hujjat 1075 yil hijriy, 1664 yil milodiy sanaga taalluqli bo‘lib, Xiva xoni Anush Muhammad Bohodirxonning fuqaro mulla Mahmud va uning farzandlariga bergan tarxan yorlig‘idir. Tarxan yorlig‘i bu o‘rta asrlarda fuqarolarni soliqlardan ozod qilish va ba’zi bir imtiyozlar berish uchun qo‘llangan. Bu yorliqlar asosan Payg‘ambarimiz (Muhammad s.a.v.) avlodlariga hurmat yuzasidan berilgan.
Yana bir hujjat Xiva xoni Abul Muzaffar val Mansur Sayyid Shohtemir tomonidan Muhamad Nodirshayxning farzandlari – Abdulhay Mahdum, Hoji Poyanda Mahdum, Nurulloh Mahdum va Abdullatif Mahdumlarga berilgan yorliqdir. Bu yorliq barcha soliqlardan ozod qiluvchi yorliq hisoblanib, nasl-nasabi Payg‘ambarimiz (Muhammad a.s.v.) avlodlariga borib taqaladigan kishilarga ularni hurmatlash yuzasidan berilgan.
Hijriy 1263 yillarda Xiva xonining Angliya bosh vaziriga yozgan maktubi ham ko‘pchilik uchun qiziqarli albatta. Bu xat ikki davlat o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash, savdo-sotiqni rivojlantirish va boshqa sohalarda hamkorlik qilish maqsadida yozilgan. Xon ushbu maktubni o‘zining mulozim navkarlaridan bo‘lgan Mahmud Niyoz orqali jo‘natayotganligini ma’lum qilgan. Ushbu navkar Angliyaga borishda qaysi davlatlar orqali o‘tishligi va shu davlatlardan navkarning bexavotir o‘tishligini Xon ushbu davlat mulozimlariga o‘zining murojaati orqali bildirgan. Maktub fors va turkiy tilda bitilgan. Xatning pastki qismida uning yozilgan sanasi ko‘rsatilgan (23 ramazon, 1263 hijriy sana – 1847 yil, 3-sentyabr).
Hujjatning orqa tarafida muhr bor. Muhrda (Xiva elchisidan Podshohi Ingliston va vaziri xossga deb yozilgan.)
O‘z navbatida, Xiva xoni Muhammad Rahimxonga Afg‘oniston amiri Abdurahmon tomonidan yozilgan do‘stlik maktubi ham saqlanib kelinmoqda. Bu maktubda afg‘on amiri Abdurahmonxon Xiva xoniga salomlar yo‘llab, ikki mamlakat o‘rtasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash haqida o‘zining istaklarini yozgan. Shuningdek, Xiva xoni Muhammad Rahimxon bilan uchrashishga intiqligini, lekin yo‘l uzoqligi tufayli bora olmayotganlini, kelgusida albatta xon bilan uchrashishligini izhor qilgan. Hujjatning orqa tarafida afg‘on amiri Abdurahmonxonga tegishli muhr mavjud.
Nazarimizda ko‘pchilik uchun qiziqarli bo‘lgan yana bir hujjat bor. Bu Xiva xonligidan Rossiyaga borishga ijozat beruvchi pasport. Bu hujjat fuqaro Shayx nazar Muhammdnazar o‘g‘li va Bekjon Bobojon o‘g‘illariga berilgan bo‘lib, u berilgan kundan boshlab, uch oy mobaynida Rossiyaning turli shaharlariga borib o‘z ishlarini bitirib kelishlari uchun ruxsatnoma sifatida amal qilgan.
Pasportda fuqaroning ismi sharifi, yoshi, bo‘yi, ko‘zining rangi, qoshi, burni, soqoli, yuzi, toifasi (millati), qavmi (qaysi urug‘dan ekanligi), yashash manzili, pasport seriya raqami, berilgan sanasi aniq ko‘rsatilgan. Pasport rus va turkiy chig‘atoy tillarida yozilgan. Pasportning pastki qismida muhrlar, markalar va imzo mavjud. Ushbu hujjat 1908 yilga taalluqli.
Arxivda 257 varaqdan iborat yig‘majild kitob mavjud. Unda asosan 1900-1910 yillarga oid Xiva xonining xonlikka tegishli mulklardan soliq to‘plashga taalluqli buyruqlar jamlangan. Masalan, yig‘majildning to‘rtinchi varag‘idagi hujjatda xonlikka tegishli bo‘lgan “Bekyof” mavzesidagi fuqarolar nomidan soliq to‘lashga oid yozilgan ariza bo‘lib, ushbu mavzedagi yerlarning ba’zi qismlari suvsiz yerlar ekanligi, lekin fuqarolar suvli yer uchun soliq to‘layotganliklarini aytishgan. Ular soliq to‘layotganlarida suvsiz yerlar ham hisobga olingan holda hisob-kitob qilinishligini iltimos qilganlar.
Yig‘majildning o‘ninchi varag‘ida Muhammad Rahimboy degan fuqaro nomidan yozilgan bildirishnoma bo‘lib, unda 1903 yil fevral oyida Andijon shahrida yuz bergan zilzila oqibatida talofat ko‘rgan va boshpanasiz qolgan beva- bechoralar va yetimlar uchun o‘zi 2000 manat va qo‘shnilari 2500 manat miqdoridagi pulni to‘plab jo‘natganligi to‘g‘risida ma’lumot berilgan.
Umuman olganda bu yig‘majildda turli mavzudagi arizalar jamlangan va raqamlanib qisqacha mazmuni yozilgan. Xiva xonligida vaqtincha yoki doimiy yashab turgan fuqarolarning ro‘yxati ham yuritilgani juda qiziqarli. Bu hujjatlarni varaqlab, uning 1912-1921 yillarda yuritilganini ko‘ramiz.
Ushbu yig‘majild 59 varaqdan iborat bo‘lib, unda xonlikda vaqtincha yoki doimiy yashab turgan chet el fuqarolari ro‘yxati berilgan. Ro‘yxat jadval shaklida bo‘lib, unda chet el fuqarosining ismi, sharifi va otasining ismi, yashab turgan manzili va qaysi mamlakatdan kelganligi, u yerda yashagan manzili hamda tashrifidan maqsadi haqidagi ma’lumotlar mavjud. Bu ma’lumotlar xonlikdagi har bir shahar uchun alohida tuzilgan. Misol uchun, Xiva shahri uchun alohida, Urganch shahri uchun alohida va hokazo...
Xullas, bu hujjatlarni o‘rganish asosida bildikki, Tarixsiz kelajakka qadam bosib bo‘lmas ekan. Inson tarixga aylanib ulgurgan soat, kun, oy, yillarida yuz bergan voqealarni yodga olib, oldinda turgan kunlar uchun fikr yuritadi, o‘z oldiga maqsad qo‘yadi va unga yetishish rejalarini ishlab chiqadi.