“Xotira - abadiy, inson qadri - muqaddas” mavzusida arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi

O‘tkazish vaqti: 2023-yil  5-may , soat 10:00 da

O‘tkazilish joyi: O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi binosi,

Manzil – Toshkent shahri,  Sharof Rashidov ko‘chasi 3 uy

Tadbir tashkilotchisi: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi

“O‘zarxiv”  agentligi, O‘zbekiston Milliy arxivi,  O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi va O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi

O‘zbekiston Respublikasida keng nishonlanadigan “9 may - Xotira va qadrlash kuni”, O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi buyuk g‘alabasiga qo‘shgan ulkan hissasini keng ommaga targ‘ibot etish, yoshlarni ona-vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadlarida “O‘zarxiv” agentligi tizimidagi arxiv muassasalari O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi bilan hamkorlikda “Xotira - abadiy, inson qadri - muqaddas” mavzusida arxiv hujjatlari fotoko‘rgazmasi tashkil etildi.

Tadbir avvalida ko‘rgazmaga tashrif buyurgan  tashkilotchilar va taklif etilgan mehmonlarga kirish so‘zlari berildi. Ko‘rgazmada O‘zbekiston Milliy arxivi, O‘zbekiston Kinofotofonohujjatlar milliy arxivlarining 1941-1945 yillarga oid arxiv hujjatlari namoyish etildi. Shuningdek, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi eksponatlari asosida Ikkinchi jahon urushi va uning asoratlari aks ettirilgan tarixiy manbalar namoyish etildi.  Ko‘rgazmada urush davrida harbiy xizmat qilgan tarixiy shaxslarning tarjimai holi, faoliyati, yozilgan ilmiy ishlari, oilasi, unvonlari haqida to‘liq maʼlumot beruvchi hujjatlar namoyish etiladi. Shuningdek, arxivda saqlanayotgan “Frontdan xatlar” va O‘zbekiston Respublikasining barcha viloyatlari bo‘yicha 1941-1945 yillardagi Vatan urushida halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolgan jangchilar haqida maʼlumot berilgan “Xotira” nomli ko‘p jilddan iborat to‘plam ishtirokchilarga havola etildi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi  “O‘zarxiv”  agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan hamkorlikda nashr etilgan “Askar maktublari” kitobi namoyish etildi.

Shuningdek tadbirda O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxivining alohida qimmatli va noyob arxiv hujjatlaridan tayyorlangan arxivning Ikkinchi jahon urushi davrini aks ettiruvchi tarixiy kinohujjatlardan lavhalar namoyish etildi. Urush davridagi jangovar vatanparvarlik qo‘shiklari va urush xotiralari kabi fonohujjatlar muzey zalida yangradi.

Tadbirda “O‘zarxiv” agentligi va O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi rahbariyati, hamkor tashkilotlar, elchixonalar vakillari, O‘zbekiston milliy arxivlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari ishtirok etdilar.

Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “O‘zarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati