“Xotira bor ekan, millat barhayot” shiori ostida...

Toshkentda 1941 yilda “СОВЕРШЕННО СЕКРЕТНО” grifi ostida harbiy gospital tashkil etilgan.

Mahfiy hujjatlar, ularni kim imzolagan, mahfiyligi nimada? Nima uchun 1941 yilda hali urush boshlanmasdan oldin mahfiy hujjatlar imzolangan. Toshkentga rasman nechta odam evakuatsiya qilingan? Yoshligimda eshitganim - ot-ulovlarda, piyoda ham norasmiy qancha odam kelgan?

Moskva, Leningraddan sovet darg‘alari (elitasi) oilalari mahfiy Toshkentga ko‘chirilgan.

O‘tgan yili shu paytlar chamasi, “G‘alaba bog‘i”da qizg‘in ishlar olib borilayotgan edi. Bir ikki haftadan keyin esa, katta majmuaning ochilishi bo‘ldi. Shu bir yildan beri bu yerga ko‘p odam keldi, kimlardir tasanno aytib bunyodkorlik ishlariga lol qolgan bo‘lsa, kimlardir g‘amgin, sukut saqlab o‘tmishni eslaydi. Ayni shu damlarda faoliyatimiz juda qizg‘in edi, bir tomondan tojli og‘u pandemiyasi odamlarni esankiratgan, ikkinchi tomondan fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini keng nishonlash taraddudida edik. Maxsus topshiriq bilan xotira saytini yaratish yakunlariga yetib, Ikkinchi jahon urushi haqida yangi ochiqlangan ma’lumotlarni kiritish ishlari avj olgan palla edi.

Bu yil ham Prezident qarori bilan  bayramni ko‘tarinki ruhda nishonlash belgilandi. Qarorda mazkur saytimizga qo‘yilgan ma’lumotlarni yangilib borish, 9-may arafasida urush haqida saytga yangi ma’lumotlar kiritish belgilangan. O‘tgan davr mobaynida arxivlarda saqlanayotgan hujjatlarning 50 dan ortiqrog‘i mahfiylikdan chiqarildi, ikkinchi jahon urushining mudhish voqealari aks ettirilgan ma’lumotlar ochiqlandi.

Hujjatlar to‘plamini milliy arxivning saqlovxonasidan olar ekanman, qo‘lim qaltirayotganligini, tezroq jildini ochib ichiga ko‘z yugurtirgim kelayotganligini arxivchi xodimimiz ham sezib qoldi. Nimani qidirayotganligimni o‘zim ham bilmayman, hali   tadqiqotchilar mazkur hujjatlarni ilmiy o‘rganib, xulosalarini taqdim etgani yo‘q. Taqdim etilgan xulosalar ommaviy axborot vositalarida, xotira.archive.uz saytida berib borilganligini yaxshi bilamiz. Barcha yangi ma’lumotlar shu yerda jamlangan. Yil davomida yana bir qancha yangi ma’lumotlar kiritildi. Urush davrida Toshkentga evakuatsiya qilinganlar deysizmi, o‘zbek xotin-qizlarini urushga safarbar qilish deysizmi, yoshi endigina 18 ga to‘lgan o‘zmirlarni safarbarligimi, xullas barchasi shu yerda. Bugungi kunda urush xotiralarini yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirish, bedarak yo‘qolganlarni izlab topish hamda Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekistonga ko‘chirib olib kelingan fuqarolar, ijtimoiy va iqtisodiy soha ob’ektlari, boshqa binolar, turli texnologiyalar haqidagi rasmiy hujjatlar ochiqlanib, foydalanuvchilarga taqdim etildi. Eng muhimi, bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston xalqi, balki xalqaro miqyosda murojaatlar bo‘lmoqda. Ma’lumki, O‘zbekiston Milliy arxivi Markaziy Osiyoda yirik arxivlardan biri hisoblanadi, bu yerda ikkinchi jahon urushi davriga oid minglab ochilmagan hujjatlarda inson, bir oilaning taqdiri yotgan bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Yaqinda AQSH Xolokost yodgorlik muzeyi, Isroil davlati muzeylari, Qozog‘iston, Rossiya o‘lkalarining fuqarolari, tashkilotlari, muzeylaridan hatlar olindi. Maqsad bir, hamkorlik qilish va urushda yo‘qotilgan insonlar taqdiri bilan qiziqish, ularni izlab topishdir.  Hujjatlarni o‘rganar ekanmiz, unda bitilgan tarixni gapirtirgingiz keladi. Qarangki, 1941 yilda birinchi navbatda eski bolsheviklarning oila a’zolari, ittifoq oliy kengashining deputatlari va ularning oila a’zolari, akademiklar, yozuvchi va shoirlar, san’atkor va bastakorlarni O‘zbekistonga maxfiy buyruqlar bilan ko‘chirib kelingan hujjatga ko‘zingiz tushadi. Bu o‘sha davr mafkurasi bilan bog‘liq jarayonligini anglaysiz, ruhan o‘zingizni o‘sha davrga ko‘chirasiz.

1941 yilning o‘zidayoq urush bo‘layotgan joylardan, hatto hali front chizig‘i bosib o‘tilmagan, front orti hududlaridan oliy ta’lim muassasalari, hunar-texnika bilim yurtlari, ilmiy muassasalar, bolalar uylari, kino va san’at uylarini O‘zbekistonga ko‘chirish haqida topshiriqlar, buyruqlar aks etgan hujjat bugun O‘zbekistonda saqlanmoqda. Esimda, rahmatli buvam urushga ketishdan oldin, mahallamizdagi bolalar uyiga juda ko‘p yosh bolalarni olib kelinganligini, buvim, mahalladoshlar ularni cho‘miltirib, yuvintirib, ko‘chada dasturxon yozib ovqatlantirganlarini ko‘p ta’kidlardi. Ilmiy izalanuvchilar, arxiv xujjatlaridan foydalanuvchilar, olimlar va tarixchilarning arxiv hujjatlaridan to‘laqonli foydalanishlari uchun Agentlikning 2020 yil 16 noyabrdagi 229-son buyrug‘i bilan O‘zbekiston Milliy arxivining o‘quv zali, kutubxonasi qayta jihozlanib, shart-sharoitlar yaxshilandi. O‘quv zaliga axborot kommunikatsiya texnologiyalari, internet o‘rnatildi. Nusxa olish, internetdan ma’lumot qidirish ishlari osonlashdi. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda urush yillarida ayollarning o‘rni qanday bo‘lganligi haqida baxsga ko‘zim tushib qoldi.  Shunda yana “tarix gapirsin, arxiv hujjatlari so‘zlasin”- degim keldi. Ma’lumki, Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston xotin-qizlari Qizil armiya safiga qabul qilingan. Arxiv hujjatlarida ayollarni frontga safarbar etish bo‘yicha 1942 yil 21-22 apreldagi O‘zbekiston SSR Xalq komissarlari sovetining 83-son qarorida qanday tartibda ayollar ro‘yhatdan o‘tkazilganligi, qanday harbiy mashg‘ulotlarga jalb etilganligi aks ettirilgan. Bu kabi ma’lumotlar foydalanuvchilar, yozuvchi va olimlarda ko‘p qiziqish uyg‘otishi, badiiy va tarixiy asarlar yaratilishida foydalanishga xizmat qiladi.

Saqlovxonaning evakuatsiya qilinganlar bo‘limida muhim va qiziqarli hujjatga ko‘zim tushdi. Tarixiy joylarni aks ettirishda foydalanish, Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq tarixiy joylar, gospitallar, ko‘chalarga joylashtirilgan turli ko‘chirib olib kelingan ob’ektlar haqidagi ma’lumotlar, jumladan,  O‘zbekiston SSR Xalq komissarlari sovetining 1941 yil 1-sentabrdagi 136-SS sonli qarorida aks etgan. Mazkur qaror raqamidagi “SS” belgisi, bilasizki, “Sovershenno sekretno” grifidir, mahfiy tamg‘a ostida saqlangan.  Unga ko‘ra Toshkent va Samarqand shaharlari hamda Farg‘ona viloyatida sovet armiyasi askarlari uchun qo‘shimcha gospitallar tashkil etish bo‘yicha berilgan topshiriqlar, aniq manzillari bilan belgilangan buyruq va qarorlarda insonlar taqdiri hal etilgan. Balki mazkur qarorlar ko‘pchilikning umrini Toshkent bilan bog‘lagan. Chunki, yaralangan askarlarning tug‘ilib o‘sgan joyidan qat’iy nazar, gospitallarga yuborilgan. Yuqorida ko‘rsatilgan qarorni varaqlar ekanman, menga qiziq va tanish bo‘lgan manzillardan biriga ko‘zim tushdi. Arxivdan chiqib Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab piyoda yurdim,  1940 yilda qurilgan, o‘sha davrda  Tekstilchilar madaniyat saroyi (Dvores tekstilshikov) deb nomlangan bino oldida to‘xtadim.  Hozir odam gavjum, obod qilingan manzillar, A. S. Pushkin haykali atrofida odamlar aylanib, dam olishadi, manzarali daraxtlardan iborat bog‘da bolalar, vpriyalar maroq bilan dam olayapti. Bolalar ovozi butun olamga quvonch ulashayotgandek. Ularning qiyqiriqlarini chorrahadagi gavjum avtomobillar  ham eshitgandek. Ko‘m-ko‘k maysazor, atroflari gulzor, san’at asaridek terilgan tosh yo‘lakcha atrofida o‘rindiqlarning biriga borib o‘tirdim. 1942 yilda binoning yuqori qavatlari askarlar uchun mo‘ljallangan gospital bo‘lganligini tasavvur qildim. Binoning orqa tomoni “Do‘stlik” madaniyat bog‘i bilan tutashib ketgan. 1905-1917 yillar atrofida bu yerda general-gubernatorning dala hovlisi bo‘lgan. Xullas, o‘sha binolar hozir ham saqlanib qolgan. Men ko‘p o‘tirmadim, sal nariroqda yurgan ikki qariyaning biriga murojaat qildim. Ha, ular o‘z ota-onalaridan eshitganlarini menga aytishdi. Onasi avvaliga bu yerda musiqa o‘qituvchisi, ishdan keyin esa, yuqori qavatdagi gospitalda yaralangan askarlarga qarovchi xamshira bo‘lib ishlagan ekan. U yerga faqat “propusk” bilan kiritgan ekan. O‘sha kezlarda yarador askarlarni ruhan qo‘llab turish uchun birinchi qavatdagi musiqa to‘garagi, rassomchilik, ashula va raqs to‘garagi qatnashchilaridan iborat badiiy jamoalar tashkil etilgan va ular askarlarga kechalari konsertlar uyushtirgan. 1943 yildan keyin esa, bino to‘liq gospitalga aylantirilgan. 1946 yilda binoni ta’mirlashga otam bilan birga kelardim, ushanda eshitganman bu gospitalda mashhur sovet generallari ham davolangan ekan, kechalari yarador askarlarning og‘riqdan baqiriqlarini eshitmaslik uchun konsertlar qo‘yilardi-dedi 80 yoshlarni qoralagan keksa otaxon. Asta ko‘cha tomon yura boshladim, negadir o‘sha keksa otaxonga qo‘limdagi xujjat nusxasini ko‘rsatgim keldi, ko‘rsatdim. Qo‘limdan olib, o‘qib ko‘rdi, “Dvores”ga qarab, chuqur o‘yga toldi, asta hujjatni olib, boshqa manzilga yo‘l oldim. Ha, bu yerda hujjat bo‘yicha 1000 ta o‘ringa joy qilingan ekan, aslida mingdan ziyod askarlar joylashtirilganligini ham bilib oldim. Keyingi menga qiziq bo‘lgan manzil  “ul. Proletarskaya” deb nomlangan Amir Temur ko‘chasidagi 30 uy bo‘ldi. Bu yerda Temiryo‘lchilar madaniyat saroyi joylashgan, 1942 yiolda mingdan ortiq yaralangan askarlarga gospital sifatida xizmat ko‘rsatgan. Toshkent shahri va viloyatlar bo‘yicha ko‘radigan bo‘lsak, bunday joylar asli juda ko‘p, urushning mudxish voqeliklari shunday tarixiy xujjatlarda saqlanmoqda. Ularni faqat endi badiiy film ijodkorlari, tarixchi olimlarning ijodlarida, yangi asarlar yaratilishida foydalanishga xizmat qilishini tilab qolamiz. Maxfiylikdan chiqarilgan aksariyat hujjatlar chet elliklarning qiziqishini orttirmoqda. Jumladan, urush yillarida evakuatsiya qilingan fuqarolar haqida ma’lumotlarni so‘rash so‘ngi yillarda ortgan. Mazkur masala bilan O‘zbekiston Milliy arxivi shug‘ullanib kelmoqda. Milliy arxivda evakuatsiya qilinganlarning keyingi taqdiri, harakatlanishi barchasi maxsus kitoblarda aks ettirilgan maxsus daftarchalar, ularda fuqarolarning ismi shariflari, manzillari yozilgani bo‘yicha saqlanmoqda. So‘ngiso‘z o‘rnida ta’kidlash joyizki, xotira o‘chmay, xotira bor ekan milliy g‘urur doim bo‘ladi. Mana 76 yildirki Ikkinchi jahon urushi, har bir fuqaroda ko‘zda yosh, dilda alam, gohida g‘am, gohida esa g‘alaba g‘ururi bilan yashashga undab kelmoqda. Arxiv esa shu xotirani tiklab beruvchi hujjatli vositadir.

Shuhrat Mir Rayim
O‘zarxiv agentligi direktorining
maslahatchisi


Manba : “Ўзархив” агентлиги Ахборот хизмати