«Xotira – hurmat va ehtirom ramzi»
O‘zbekiston Respublikasida nishonlanadigan “9 may - Xotira va qadrlash kuni” bayrami tadbirlari doirasida Toshkent shahar Arxiv ishi hududiy boshqarmasi rahbariyati va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mutaxassislari “Shaxidlar xotirasi” majmuasiga tashrif buyurdilar. Ushbu kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mualliflarning (A.Kalontarov, D.Kalontarov) Isroilda chop etilgan «Подвиг и Память» документально-биографической картотеки бухарских евреев – участников Второй мировой войны» nomli ko‘p jildlikning 3 jildi kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda tarixchi, arxivchi, adabiyotshunos, tilshunos olimlar, jurnalistlar, Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalari talabalari, O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi buxoro yahudiylari faxriylari va sinagoglari, OAV va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirda Toshkent shahar Arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i A.Mahkamov mazkur kitoblarda arxiv hujjatlarining o‘rni va keng foydalanilishi, tadqiqotchilar tomonidan O‘zbekistondagi arxiv muassasalari, muzeylar va kutubxonalarda olib borilayotgan ishlarning davom ettirilayotganligi to‘g‘risida ma’lumot berdi. Shuningdek, u tadbir ishtirokchilarini “9 may - Xotira va qadrlash kuni” bayrami, Isroil davlatining tashkil etilganligini 70 yilligi, ko‘p jildlik kitobning 3 jildi nashr etilganligi bilan qutladi va kutubxonada tashkil etilayotgan kitob taqdimotlarining yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etishdagi ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
Kitoblarda Ikkinchi jahon urushida qatnashgan buxoro yahudiylariga doir ma’lumotlar juda keng yoritilgan. Kitoblar alifbo tarzida urush qatnashchilarining familiyasi tartibi bilan tuzilgan bo‘lib, ularda jangchilarning qachon va qayerda urushga chaqirib olinganligi, mardlik va qahramonliklari, dafn etilgan joylar va boshqa qiziqarli ma’lumotlar ko‘rsatib o‘tilgan. Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar va tashkilotchilarga o‘z minnatdorliklarini izhor etdilar. Tadbirdan so‘ng vakillarning Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasiga tashrifi davom ettirildi.