Yosh arxivchilar forumi
Yosh arxivchilar forumi
Farg‘onada “O‘zarxiv” agentligi tomonidan Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlangan “Biz – 25 yoshdamiz!” shiori ostida “Respublika yosh arxivchilar forumi” o‘tkazildi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan vakillar ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida aniq, ishonchli ma’lumot berish tartibi takomillashayotgani fuqarolarda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samaralari haqida to‘la tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Bunda arxiv idoralarining alohida o‘rni bor.
Mamlakatimizda 103 davlat arxivi, mahalliy hokimliklar huzurida 110 idoralararo shaxsiy tarkib arxivi hamda to‘qqiz mingdan ziyod idoraviy arxiv faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori arxiv muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ishchi-xodimlarga qulay sharoit yaratishda muhim omil bo‘layotir.
Sohada kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda 4 oliy o‘quv yurtida va 28 kasb-hunar kollejida arxiv ishi va ish yuritish yo‘nalishida kadrlar tayyorlanmoqda. Markaziy davlat arxivlari qoshida tashkil etilgan “Ijro nazorati va ish yuritish mahorati”, “Idoraviy arxivlar faoliyatini tashkil etish asoslari” o‘quv kurslarida xodimlar malakasi oshirilmoqda. Ayni paytda arxiv muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan bir yarim mingga yaqin xodimning ko‘pchiligi yoshlardir.
– Arxivlar boy tariximiz ko‘zgusidir, – deydi Buxoro viloyati Qoruvulbozor tumani davlat arxivi direktori Nasiba Ismoilova. – Arxiv hujjatlari umrini uzaytirish va kelajak avlod uchun sifatli yetkazib berishda arxivchilarning muhim o‘rni bor. Bugungi forumda ishtirok etib, bilim va ko‘nikmalarimizni yanada boyitdik, ilg‘or tajribalar bilan tanishdik. “Eng yosh arxivchi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘lganim, menga katta mas’uliyat yuklaydi.
Forum doirasida “Bilimdon arxivchilar” intellektual musobaqasi, Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlarining diqqatga sazovor joylariga sayohat tashkil etildi.