“Yozilgan narsa avlodlar xotirasida qilingan ishdan ham uzoqroq yashaydi! ” AMIR TЕMUR

O‘zbekiston Milliy arxivida joriy yilning 9 aprel kuni buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 685 yilligi munosabati bilan “Amir Temur Ikkinchi Renessans homiysi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda Buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur shaxsi, uning boy ma’naviy merosi, faoliyati, dunyo sivilizatsiyasidagi o‘rni va ahamiyati nainki mamlakatimiz, balki butun dunyoda olimlar tomonidan hamon katta qiziqish va e’tibor bilan o‘rganilayotganini Haqida fikr yuritildi.

Mazkur tadbir davomida O‘zbekistondagi Xindiston elchixonasi qoshidagi Lal Baxodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi direktori professor Chander Shekxarning tashrifi va ma’ruzasi barcha uchun birdek qiziqish uyg‘otdi.

Chander Shekxar ilmiy izlanishlari davomida Temuriylar tarixiga oid hujjatlar va ularning yaratilishi, shu davrdagi farmoyish, qaror va boshqa hujjatlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Bundan tashqari, Hindistonning bir nechta arxivlarida saqlanayotgan Amir Temur davriga oid hujjatlarning elektron nusxalari ham namoyish etildi.

O‘zbekiston Milliy arxivida nafaqat tarixiy hujjatlar, balki shu tarixiy hujjatlar asosida tadqiqot ishlarini olib borgan olimlar hujjatlari ularning tadqiqot ishlari ham saqlanib kelinmoqda.  Ana shunday ilmiy izlanuvchilardan biri Qahramon Yoqubov Amir Temur davriga oid vaqfnoma hujjatlar haqida qiziqarli ma’lumotlar berib o‘tdi.

Jumladan, Ulug‘ sarkardaning “Qaysi mamlakatni zabt etgan yoki qo‘shib olgan bo‘lsam, o‘sha yerning obro‘-e’tiborli kishilarini aziz tutdim; sayyidlari, ulamolari, fuzalo va mashoyixiga ta’zim bajo keltirdim va hurmatladim, ularga suyurg‘ol (tuxfa), vazifalar berib, maoshlarini belgiladim; o‘sha viloyatning ulug‘larini og‘a-inilarimdek, yoshlari va bolalarini bo‘lsa o‘z farzandlarimdek ko‘rdim” - degan so‘zlari shaxsning naqadar adolatli va tadbirli sarkarda bo‘lganligini anglatadi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Milliy arxivi xodimlari tomonidan ulug‘ sarkarda Amir Temur hayotidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Tashrif buyurgan mehmonlarga esdalik sovg‘alari ham topshirildi.

O‘tkazilgan tadbirdan so‘ng tashrif buyurgan mehmonlar arxiv muzeyi hujjatlar saqlovi va restavratsiya bo‘limlari bilan tanishib, kelajakda xalqaro munosabatlarni yaxshilash va hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar xususida fikr almashishdi.


Manba : "Ўзархив" агентлиги матбуот хизмати.