YUKSAK SHARAF VA O‘RNAK RAMZI (“Xotira va qadrlash kuni”)

Inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayotdir. Xotira - kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi - muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr – insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag‘ishlaydi.

Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning eng oliy mezoni. Shuningdek, bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng va olijanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.

Mustaqillik yillarida Toshkent shahrining Bo‘zsuv kanali bo‘yida qatag‘on davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuyi bunyod etildi va uning ochilish marosimi 2000-yil 12-may kuni bo‘lib o‘tgan. Mazkur majmua qoshida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi qurilib, 2002-yil 27-avgust kuni foydalanishga topshirilgan.

“Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyining tarixiy, siyosiy ahamiyati shundaki, u bugungi va kelgusi avlodlar uchun qaramlik davrida xalqimiz qanday ayanchli kunlarni boshidan kechirgani, mustaqillik tufayli yurtimizda adolat, shahid ketganlarning xotirasi tiklanganligi to‘g‘risida tarixiy xotira, saboq bo‘lib xizmat qiladi. 1999-yilda Toshkent shahrida Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmga qarshi Vatan ozodligi uchun jon fido etgan xalqimizning farzandlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida “Xotira maydoni” majmuasi barpo etilgan va shu yilning 9-may sanasida uning ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. Respublika „Nuroniy“ jamg‘armasi tashabbusi bilan janglarda halok bo‘lgan 400 mingga yaqin vatandoshlarimiz haqida 34 jildlik „Xotira“ kitobi tayyorlandi va nashr etildi. Har yili 9-may sanasida „Xotira va qadrlash kuni“ sifatida nishonlanmoqda. Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bu tadbirlar xalqimizning o‘zligini anglashiga, tarixiy xotirasini tiklashga xizmat qilmoqda. Buyuk ajdodlarimiz xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan yodgorlik majmualari jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishga, milliy ong va milliy g‘ururni ko‘tarishga hamda xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ongida milliy istiqlol g‘oyalarini shakllantirishga ko‘maklashmoqda desak hech mubolag‘a qilmagan bo’lamiz. Zero, bu ayni haqiqatdir.

 

 

Mazkur tarixiy arxiv hujjatlari Buxoro viloyati Kogon shahar davlat arxivi saqlovxonasidagi fond-300, 1-raqamli ro‘yxatda saqlanmoqda.


Manba : "Ўзархив" агентлиги Ахборот хизмати