O'zbekiston Milliy arxivi "Axborot texnologiyalari asrida arxiv xizmatlarinidan foydalanishning innovatsion g'oyalari" mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi

2021 yil 26 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligining 2021 yil II yarim yilligiga mo‘ljallangan Asosiy ish rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi buyrug‘iga asosan O‘zbekiston Milliy arxivida “Axborot texnologiyalari asrida arxiv xizmatlaridan foydalanishning innovatsion g‘oyalari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Konferensiya respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan davlat arxivlari xodimlari, ijtimoiy yo‘nalishga mansub ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy o‘quv yurtlari hamda boshqa muassasalardagi olimlar, ilmiy xodimlar, professor-o‘qituvchilar, shuningdek, doktorant, tayanch doktorantlar, mustaqil izlanuvchi va magistrlar doirasida onlayn tarzida bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya ishtirokchilari Zoom platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng, anjumanni O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi direktori o‘rinbosari Sh.G‘. Sodikov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. O‘zbekiston Milliy arxivi direktori D.T. Zakirova ham ishtirokchilarga o‘z samimiy tilaklarini bildirdi va so‘z navbatini  ma’ruzachilarga berdi. Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi, O‘zFA Tarix instituti, O‘zbekiston Milliy arxivi, O‘zbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari Milliy arxivi, O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari Milliy arxivi, Denov tuman davlat arxivi, Buxoro viloyati davlat arxivi, Buxoro davlat universitetidan ma’ruzachilar o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdilar. Konferensiyada mustaqillik yillarida arxivlar faoliyati, ularning mustaqillik davrida erishgan yutuqlari, arxiv hujjatlaridan foydalanish va boshqa turli arxiv sohasiga oid masalalar haqida fikr bildirildi. 
Konferensiya ishtirokchilari tashkil etilgan ushbu anjuman yordamida nafaqat arxiv sohasidagi hamkasblarining ish jarayonida vujudga kelayotgan muammolar, mavjud kamchiliklar va ularning yechimlari, sohada erishilgan yutuqlar, balki turdosh sohalardagi hamkasblarining ish tajribalari bilan ham yaqindan tanishdilar va fikr almashdilar.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati