Oʻzbekistonda tibbiyot muassasalari tarixiga qisqacha nazar (Arxiv hujjatlari asosida)
Oʻzbekiston hududida qadimda ham tibbiyot birlashmalariga oʻxshash davolash maskanlari mavjud boʻlgan. Amir Temur boshqa mamlakatlarning mashhur tabiblarini poytaxt Samarqandga olib kelib, maxsus shifoxonalar ochgan. Movarounnahr va Xurosonda shifoxonalar uchun alohida binolar qurilgan. Keyingi temuriyzodalar davrida shifoxonalar ochishga Alisher Navoiy ham katta ahamiyat bergan. Shayboniylar boshqaruvi davrida ham mazkur soha yuksak taraqqiy etgan. Turkistonning baʼzi viloyatlarida maxsus shifoxonalar boʻlganligi manbalarda qayd etilgan. Turkiston chor Rossiyasi tomonidan bosib olinganidan keyin oʻlkada Gʻarbga xos tibbiy muassasalar vujudga kelgan. Bunga qadar mahalliy aholi xalq tabobati (tabiblar, shikastbandlar)dan foydalangan. Toshkentda birinchi davolash muassasasi 1868 yilda harbiy garnizon qoshida ochilgan lazaret boʻlib, u 1869 yilda harbiy gospitalga aylantirilgan. Keyinchalik Samarqandda (1872), Xivada (1872), Buxoroda (1891) kichikroq kasalxonalar ishga tushirilgan. 1883-yil oxirida Toshkentda ayollar va bolalar uchun birinchi ambulatoriya-shifoxona ochilgan. 1903-yilga kelib esa, Yangi shahar aholisi uchun alohida kasalxona qurilib foydalanishga topshirilgan. 1913-yilda Eski shahar kasalxonasi (hozirgi 1-shahar klinik davolash kasalxonasi) ish boshlagan. 1916-yilda temir yoʻl xodimlari uchun maxsus tibbiy davolash muassasasi tashkil etilgan. 1918-yilga kelib esa sobiq kadetlar korpusi binosida davolash muassasasi (hozirgi 1-ToshTIning oʻquv bazasi), 1926-yilda Toshsovet nomli fizioterapiya kasalxonasi; Koʻkcha dahasida epidemiologiya kasalxonasi (hozirgi 1-Yuqumli kasalliklar shifoxonasi) faoliyatini boshlagan.
Buxoro viloyat davlat arxivi saqlovidagi fond-1023, roʻyxat-1, 180-raqamli yigʻmajildda O‘zbekiston SSR xalq komissarlari soveti tomonidan 1944-yil 23-noyabr sanasida tasdiqlangan tibbiyot muassasalarini kapital taʻmirlash toʻgʻrisidagi 1441-sonli qarori saqlanmoqda. Ushbu arxiv hujjatida tibbiyot muassasalarini kapital ta’mirlashga oid qilinishi rejalashtirilgan tadbirlar, hamda ularga ajratilgan mablagʻlar ko‘rsatilgan.