30-июнь - Ёшлар куни
40 ta qonunda yoshlar masalasi,
3 ta yangi qonun, Prezidentning 7 ta Farmoni 8 ta Qarori,
Vazirlar Mahkamasining 20 ta qarori
Yoshlarga oid davlat siyosati strategiyasi
O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yuritish jiddiy masala bo‘lib, uning huquqiy asosi, amalga oshirish mexanizmlari, iqtisodiy tayanchi qonunchilikda belgilab berilgan. Huquqiy asosiga e’tibor qaratsak, mustaqillikning ilk kunlarida “Yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Davlat siyosati tushunchasi nimalarda aks etishini bilsak, asosning muhim ahamiyatini angal olamiz. Yoshlarga oid davlat siyosatini yuritish bu – ta’lim, tarbiya, kasbga tayyorlash, malakasini oshirish, turli yo‘nalishlarni tashkil etib berish, sog‘lig‘ini saqlash, yoshlarni jamiyatda to‘laqonli ishtirok etishi uchun shart-sharoitlarni, xususan Konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishda maqbul bo‘lgan sharoitni yaratib berishdan iboratdir. Uning strategik yo‘nalishlari vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib turishi tabiiydir. Ayniqsa globallashuv jarayonida dunyo hamjamiyatida yoshlarga e’tibor kuchaytirilishi yoki aksincha e’tiborning susayib ketish hollari kuzatilgan. Ayni vaqtda mamlakatimizda e’tibor ortdi. Bu oddiy ko‘rinishi mumkin, lekin yoshlarga oid davlat siyosatini yuritishning strategiyasi, qolaversa yoshlarni baxtli hayot kechirishi uchun uning formulasi ishlab chiqildi. “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi tamoman yangi qonun qabul qilindi, unga ko‘ra davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi tashkil etilib, davlatning bu sohadagi siyosiy mavqeyi, o‘rni belgilab berildi. Qonunning 4-moddasida asosiy prinsiplar belgilangan bo‘lib, amaliyotda mazkur prinsiplarning to‘laqonli ishlayotganligini bir nechta misollarda ko‘rish mumkin. Masalan, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish prinsipi asosida bugun ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydigan turli markazlar, iqtisodiy forumlarning sanog‘ini sanamasak ham bo‘ladi. Birgina davlat tomonidan rag‘batlantirilib borilishining o‘zi amaliyotda ko‘plab uchraydi. 6-moddasiga e’tibor qarataylik, unda yoshlarga oid davlat siyosatini davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlar asosida amalga oshirilishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Nima deb o‘ylaysiz, bu qanday amalga oshirilmoqda?
Dasturlar yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yosh fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ro‘yobga chiqarishni ta’minlaydi. Shart-sharoitlarni yaratish, jamiyat hayotida ularning o‘rni va faolligini oshirish, sog‘lom va barkamol yosh avlodni tarbiyalash maqsadida ishlab chiqiladi hamda amalga oshiriladi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturi to‘g‘risidagi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi «Yoshlar — kelajagimiz» jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bilan tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Qonun qabul qilinib, yoshlarga oid davlat siyosatini tizimli yuritish yo‘lga qo‘yildi. Tizimda vakolatlar belgilandi, har bir davlat organida yoshlar masalalari bo‘yicha mas’ullar belgilandi. Ta’kidlash joyizki, garchi arxiv tizimiga yoshlar kelishi keyingi yillarda ortayotganligiga qaramay, yosh, bilimli kadrlarga extiyoj sezilarli. Shunday bo‘lsada, bugungi kunda “O‘zarxiv” agentligi tizimidagi davlat arxivlarida, shaxsiy tarkib bo‘yicha arxivlarni ham xisobga olsak, 2,5 mingga yaqin xodim ishlasa, shundan 30 foizini yoshlar tashkil etmoqda. Yaqinda agentlikning yoshlar masalalari bo‘yicha xisobot-saylovi konferensiyasi tashkil etildi. Unda agentlikning yoshlar masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosari saylandi. Yoshlar bilan (onlayn) uchrashuv tashkil etildi. Arxiv yoshlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilindi. Chora-tadbirlar ichida yoshlarni arxiv yo‘nalishida yetuk kadr sifatida tayyorlash tizimini takomillashtirish, arxivshunos, arxivchi mutaxassisliklariga tayyorlash, davlat tilida ish yuritish masalalari ham kiritilib, yosh arxivshunoslarni tayyorlashga e’tibor qaratildi. Qonunda davlat siyosatini yuritishda ilk bor nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni belgilab berildi. Unga ko‘ra sog‘lom va barkamol yoshlarni tarbiyalashga, jamiyat hayotida ularning roli hamda faolligini oshirishga doir tadbirlarni tashkil etish, o‘tkazish, yoshlarni rag‘batlantirib borish nodavlat notijorat tashkilotlari ham faol ishtirok etadi. Bunga ham ko‘plab misollar keltirish mumkin. Davlatimiz Rahbarining ilgari surgan beshta muhim tashabbuslarini olsak, bunda yuqorida aytilgan tizimli ishlarning bajarilishini, unda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirokini ko‘rish mumkin. Bu yerda ham davlat arxivlarimizning o‘rnini aytib o‘tish joyizdir. Bu muhim tashabbusning birinchi yo‘nalishida yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’at bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 20 dan ortiq tanlovlar o‘tkazildi. Ikkinchi tashabbus yuzasidan yoshlarni qiziqtirish maqsadida Buxoro, Jizzax viloyatlarida sport musobaqalari tashkil etildi. Soha yoshlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Agentlik kubogi” joriy etildi. Kompyuter texnologiyalarini tizimga joriy etish bo‘yicha yoshlar tashabbusi e’lon qilinib, eng yaxshi dasturiy loyiha tanlovi uchinchi yo‘nalishda arxiv yoshlari o‘rtasida o‘tkazildi. To‘rtinchi yo‘nalishida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish orqali milliy arxivlarimizda saqlanayotgan boy madaniy merosimizni avlodlarga yetkazishda arxivchilarimiz tomonidan 10 dan ziyod tizimli tadbirlar o‘tkazildi. Xullas, bu faqat bizning tizimdagi ishlar. Mamlakat miqyosida oladigan bo‘lsak, ishlar amalga oshirilayotganligi qonun talablarining so‘zsiz bajarilayotganligidan dalolat beradi. To‘g‘ri, hali oldimizda ko‘p masala, muammolar borligini bilamiz, shuning uchun ham bu ishlarni tizimli amalga oshirsak, doimiylikka qaratiladi. To‘g‘ri, goho yoshlar masalalarida salbiy fikrlar, ijtimoiy tarmoqlarda turli salbiy bildirishlarni ko‘rib qolamiz, mayli, zulmat izlaganga zulmat bo‘lib ko‘rinsakda, yoshlarga oid davlat siyosatini yuritishda strategik yo‘nalishlar belgilab olganmiz. Qonun bor, yo‘nalishlar bor, vakolatli davlat organlari bor, eng muhimi tizimli ishlarimiz bor – shu tizim yoki boshqacha kilib aytsak Yoshlarga oid davlat siyosati strategiyasi, formulasi emasmi.
Shuhrat Mir Rayim
Agentlik direktori maslahatchisi